25 августа 2026, вторникПрямая лента
OʻZРУ
В фокусе
Центробанк сохранил ставку на уровне 14% · Европа переписала правила для ИИ · Дипфейк: как отличить поддельный голос · Почему летом не хватает электричестваЦентробанк сохранил ставку на уровне 14% · Европа переписала правила для ИИ · Дипфейк: как отличить поддельный голос · Почему летом не хватает электричества
Главная/Общество
Mafkura

Mafkura faqat shiorbozlik emas, u ilmiy, falsafiy asosga ega bo‘lishi kerak – Baxtiyor Omonov

Mafkura – jamiyatning maʼnaviy-ruhiy tayanchi, millat va davlat taraqqiyotining gʻoyaviy asosi hisoblanadi. U xalqni bir maqsad atrofida birlashtiradi, yoshlarni tarbiyalaydi, milliy manfaatlarni tamsil etadi. Mafkura muayyan gʻoyalarni yoyish, targʻib etishga xizmat qilib qolmay, fuqarolarni ulugʻvor harakatlarga undaydi.

27 апреля 2026, 17:07 · 6 мин чтения
Поделиться
Mafkura faqat shiorbozlik emas, u ilmiy, falsafiy asosga ega bo‘lishi kerak – Baxtiyor Omonov

Mafkura – jamiyatning maʼnaviy-ruhiy tayanchi, millat va davlat taraqqiyotining gʻoyaviy asosi hisoblanadi. U xalqni bir maqsad atrofida birlashtiradi, yoshlarni tarbiyalaydi, milliy manfaatlarni tamsil etadi. Mafkura muayyan gʻoyalarni yoyish, targʻib etishga xizmat qilib qolmay, fuqarolarni ulugʻvor harakatlarga undaydi.

“Mafkura bu – shunchaki gʻoyaviy taʼlimot emas, balki butun jamiyatning mafkuraviy tuzilishi, olam, inson toʻgʻrisidagi, dunyoda shaxs hayotining mazmuni haqidagi falsafiy, ilmiy, estetik, axloqiy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy, sotsiologik bilimlar va qadriyatlar majmui. Shu bilan birga, mafkura jamiyat kelajagining eng yaxshi tarzda qurilishi toʻgʻrisida tasavvur ham beradi” deb yozadi professor Qiyom Nazarov (Nazarov Q. Mafkura. Toshkent, Respublika milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, 2014. 12-bet).

Siyosiy mafkuraning haqiqiy “vazni” uning asosiy funksiyalari va jamoat ongiga taʼsir darajasiga bogʻliqdir (Новейший политологический словарь. Д. Погорелый, В. Фесенко, К. Филиппов. Ростов-на-Дону, “Феникс”, 2010. Стр. 100). Ilmiy tilda aytganda, siyosiy mafkuraning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

1) moʻljallanganlik: jamiyat, ijtimoiy hayot, shaxs, hokimiyat haqidagi fundamental gʻoyalarni oʻz ichiga olgan holda, inson faoliyatining yoʻnalishlari tizimini belgilab beradi;

2) safarbarlik: siyosiy idealga erishish yoʻlida kuchlar, vositalar, resurslar va ichki zaxiralarni faollashtirishga koʻmaklashadi;

3) integrativlik: siyosiy mafkura individual yoki guruh manfaatlaridan ustun boʻlishi baravarida birlashtiruvchi omil sanaladi;

4) amortizatsiya: jamiyat, guruh, shaxs ehtiyojlari va ularni qondirishning real imkoniyatlari oʻrtasida nomuvofiqlik mavjud boʻlgan vaziyatda ijtimoiy keskinlikni yumshatadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mafkura masalasiga eʼtibor qaratib, jumladan, bunday degan edi: “Mafkura sohasida boʻshliq degan narsaning oʻzi hech qachon boʻlmaydi. Chunki insonning qalbi, miyasi, ong-u tafakkuri hech qachon axborot olishdan, fikrlashdan, taʼsirlanishdan toʻxtamaydi. Demak, unga doimo maʼnaviy oziq kerak. Agar shu oziqni oʻzi yashayotgan muhitdan olmasa yoki bu muhit uni qoniqtirmasa, nima boʻladi, aytinglar? Bunday oziqni u asta-sekin boshqa yoqdan izlaydi. Shunga yoʻl bermasligimiz kerak” (2017-yil 15-iyun kuni boʻlib oʻtgan “Ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda soʻzlangan nutq. https://president.uz/uz/lists/view/649).

Sir emas, dunyo maydonida birinchi navbatda yoshlarning ong-u qalbini egallamoq uchun beayov kurash kechmoqda. Shunga koʻra, mamlakatimizda ham yoshlar tafakkurida mafkuraviy boʻshliq yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida koʻpgina chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yangidan taʼsis etilgan Yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi zalvarli vazifalarni oʻz zimmasiga oldi. Hukumat ham yoshlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlayotir. Ammo keyingi yillarda yoshlarning tafakkur dunyosi bilan bogʻliq voqealarni tahlil qilar ekanmiz, mamlakatimizda milliy mafkurani yoshlar ongiga singdirish mexanizmi ishlab chiqilmagani va u kompleks ravishda qoʻllanmagani bois ayrim salbiy holatlar yuzaga kelganiga shohid boʻlamiz.

Milliy mafkura xususida soʻz borar ekan, yirik mafkuraviy tahlil markazlari faoliyatini koʻzdan qochirmasligimiz kerak. Mafkuraviy markazlar – muayyan gʻoyani ilgari suruvchi, targʻibot va tashviqotning turli usul, vositalari orqali odamlar ongi, ruhiyatiga taʼsir etuvchi tashkilot yoki muassasalardir. Gʻarb va Sharq oʻrtasida mafkuraviy kurash kechayotgan hozirgi pallada ayrim xorijiy davlatlar maxsus xizmatlari tomonidan gʻoyaviy qoʻporuvchilik faoliyati ham olib borilmoqda. 1950-yillar boshida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Allen Dalles ilgari surgan “inson ruhiyatiga taʼsir etish” strategiyasida sobiq Ittifoqqa mafkuraviy bosim oʻtkazish vazifasi ham belgilangan edi. “Insonlarni bolalik va oʻsmirlik davrlaridan boshlab oʻz izmimizga boʻysundiramiz, asosiy eʼtiborni yoshlarga qaratib, ularni maʼnaviy-axloqiy qadriyatlardan uzoqlashtiramiz, fahsh yoʻliga kiritamiz, tushkunlikka tushiramiz” deydi rus adibi Anatoliy Ivanovning “Mangu chorlov” romanidagi salbiy personaj. Bunday gʻarazli fikr oʻtgan asrda aytilganiga qaramay, hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan, deb hisoblaydi professor Ilyos Islomov (Islomov I. Maʼnaviy xavfsizlik. Monografiya. Toshkent, “Complex Print”, 2023. 75-bet).

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarning roli va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Virtual platformalar oʻsmirlarning muloqot va maʼlumot almashuvga boʻlgan ehtiyojini maqbul darajada qondiradi. Ijtimoiy tarmoqlarning 1990-yillardan keyingi jadal taraqqiyoti dunyoni ikki qismga boʻlib yubordi: onlayn va offlayn. Hozir jahonda oʻnlab yirik ijtimoiy tarmoqlar boʻlib, ulardagi akkauntlarning umumiy soni 6 milliarddan oshgan. Tadqiqotlarga koʻra, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari asosiy qismini 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlganlar tashkil etmoqda. Bu jabhada aynan yoshlar faol ekanini inobatga olsak, onlayn platformalar ulkan imkoniyat va ayni choqda katta xatar ekanini tasavvur qilish qiyin emas.

Tan olish joizki, biz istiqlol yillarida Gʻarb targʻibotiga qarshi turadigan taʼlim texnologiyalarini ham, individ, shaxs yuksalishiga xizmat qiladigan usul-uslublarni ham yarata olmadik. Nazarimizda, aynan milliy mafkura jabhasidagi kemtikliklar sabab jamiyatda quyidagi maʼnaviy yoʻqotishlar yuz berdi.

I. Milliy oʻzlik va birdamlik: millatning turli qatlamlari yagona maqsad tegrasida birlasha olmadi; yoshlarda milliy gʻurur, oʻz tarixiga va madaniy merosiga sadoqat zaiflashdi; etnik va madaniy xilmaxillik hamda milliy gʻoya doirasida uygʻunlashgan holda yashash koʻnikmasi shakllanmadi.

II. Yoshlar ongida gʻoyaviy boʻshliq: diniy ekstremizm, missionerlik kabi yot gʻoyalar tarqaldi; yoshlarda mafkuraviy immunitet va tashqi taʼsirga qarshi himoya qobiliyati susaydi.

III. Davlat va jamiyat barqarorligi: iqtisodiy-siyosiy jabhada beqarorliklar kuzatildi; fuqarolarning davlat siyosatiga ishonchi va umidi soʻnayozdi; jamiyatdagi ijtimoiy kelishmovchiliklar gʻoyaviy asosda yumshatilish oʻrniga kuch vositalari, maʼmuriy yoʻllar bilan hal etildi.

IV. Taʼlim va tarbiya samaradorligi: yoshlarning bilim olishi, maʼnaviy barkamollik va vatanparvarlik bobida oqsashlar roʻy berdi; mutasaddi vazirlik va idoralar, siyosiy elita, ziyolilar, jamoatchilik vaziyatga toʻgʻri baho berish oʻrniga muammodan oʻzini chetga tortdi; shaxs tarbiyasiga xizmat qiluvchi milliy metodologiya ishlab chiqilmadi.

Xonasi keldi, kollej va litseylar tizimi haqida ikki ogʻiz izoh berib ketsak. Maʼlumki, Oʻzbekistonda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi (1997) asosida kollej va litseylar tizimiga asos solindi. Unga koʻra, 9-sinfdan keyin oʻquvchilar umumiy oʻrta taʼlimga emas, balki kasb-hunar kollejlari yoki akademik litseylarga yoʻnaltirildi. 1997–2009-yillar mobaynida hududlarda shoshmashosharlik bilan kollejlar qurilib, davlat byudjetidan milliardlab mablagʻ sarflandi. Shu yoʻl bilan maktabdan keyin oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish va mehnat bozoriga tayyorlash koʻzda tutilgan edi. Maqsad nazariyadan amaliyotga yaqinlashish, qisqa vaqtda ishlab chiqarish sohalari uchun kadrlar tayyorlash edi. Ammo bu reja toʻliq roʻyobga chiqmadi. Gap shundaki, ezgu gʻoya mehnat bozori bilan uygʻunlashmagan, kollejlarda oʻquv dasturlari va oʻqituvchilar salohiyati zamondan ortda qolgan, yoshlarning tanlov huquqi cheklangan (zotan, 9-sinfdan keyin hamma majburiy ravishda kollejga yuborilgan), boz ustiga, oʻquvchilarning ruhiy-maʼnaviy tayyorgarligi haminqadar edi.

Sifatli infratuzilma yoʻqligi ham vaziyatga taʼsir koʻrsatmay qolmadi: ayrim tumanlarda zamonaviy laboratoriyalar, ustaxonalar yetishmas, kollejlar markazdan chekkaroqda joylashgan, bu esa davomat koʻrsatkichini tushirib yuborar edi. Shu tariqa baʼzi yillarda 60–70 foiz kollej bitiruvchilari universitetga kira olmadi. Oliy taʼlimga jalb etilmagan yoshlar armiyasi shakllana boshladi – keyinroq biz ularni “uyushmagan yoshlar” deb atadik. 1997–2010-yillarda jamiyat oʻrta maxsus diplomli mutaxassislarga ish topish muammosi bilan toʻqnashdi.

Sirasi, kollej tizimi oʻzini oqlamadi. Taʼlimdagi islohotlar, aniqrogʻi, eksperimentlar millat bolalarining fikriy oʻsishiga xizmat qilmadi, bir avlod boy berildi. Kollej bitiruvchilarining shaxsiy hayotidagi norasolik, moddiy va maʼnaviy kambagʻallikning sabab-oqibatlari hali xolis, toʻliq tadqiq etilmagan.

Yangi davrga kelib, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan taʼlim tizimining jiddiy ravishda isloh qilingani hayotiy zarurat mahsuli edi. 2017-yildan keyin tizim qayta koʻrib chiqildi va 11 yillik umumiy taʼlim tiklandi. 2026-yil 1-sentyabrdan eʼtiboran 12 yillik maktabga oʻtish rejasi eʼlon qilindi.

Как вам этот материал?
Комментарии0
?Комментарии проверяются по правилам
Следующий материалСнимаете квартиру: что должно быть в договореСнимаете квартиру: что должно быть в договоре