25 августа 2026, вторникПрямая лента
OʻZРУ
В фокусе
Центробанк сохранил ставку на уровне 14% · Европа переписала правила для ИИ · Дипфейк: как отличить поддельный голос · Почему летом не хватает электричестваЦентробанк сохранил ставку на уровне 14% · Европа переписала правила для ИИ · Дипфейк: как отличить поддельный голос · Почему летом не хватает электричества
Главная/Общество
Siyosat

O‘zbekistonda ekstremistik materiallarni birinchi marta tarqatganlar jinoiy javobgarlikka tortilmasligi mumkin

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan maʼqullandi.

13 августа 2026, 13:05 · 3 мин чтения
Поделиться
O‘zbekistonda ekstremistik materiallarni birinchi marta tarqatganlar jinoiy javobgarlikka tortilmasligi mumkin

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu hujjat bilan Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks hamda boshqa qator qonunlarga muhim oʻzgarishlar kiritilmoqda.

Amaldagi tartibga koʻra, ekstremistik mazmundagi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish bilan bogʻliq ayrim qilmishlar toʻgʻridan toʻgʻri jinoiy javobgarlikka sabab boʻlib kelayotgan edi. Senatda muhokama qilingan yangi qonunga muvofiq, ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan materiallarni tayyorlash, ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek, ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining atributlari yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash va saqlash holati birinchi marta sodir etilganda endilikda maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.

Jinoiy javobgarlik faqat qilmish maʼmuriy jazo qoʻllangandan keyin takroran sodir etilgandagina yuzaga keladi. Bu yondashuv adashgan fuqarolarning haq-huquqlarini taʼminlagan holda, ularni toʻgʻri yoʻlga qaytarish va qayta ijtimoiylashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni saqlash yoki tarqatishda ishtirok etgan shaxs hokimiyat organlariga oʻz vaqtida xabar bersa va ogʻir oqibatlar kelib chiqishining oldini olishga faol koʻmaklashsa, jinoyatning boshqa tarkibi boʻlmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi belgilanmoqda.

Hujjatda ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish va ularda ishtirok etganlik uchun javobgarlik choralari ham qayta koʻrib chiqilib, tabaqalashtirilmoqda.

Amaldagi qonunchilikda ushbu harakatlarning barchasiga bir xilda 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanishi nazarda tutilgan edi. Yangi tartibga koʻra, ijtimoiy xavfi uncha katta boʻlmagan qilmish — bunday tashkilotlarda ishtirok etganlik uchun yengilroq, ularni tuzish yoki rahbarlik qilganlik uchun esa ogʻirroq sanksiyalar belgilanishi koʻzda tutilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senatining oʻn sakkizinchi yalpi majlisidan

Shuningdek, hujjat bilan “diniy ekstremizm” atamasi “ekstremizm” atamasi bilan almashtirilmoqda. Senat majlisida qayd etilishicha, mazkur yondashuv ekstremizmni muayyan din bilan bogʻlash amaliyotiga qatʼiy chek qoʻyish hamda qonunchilikda yagona huquqiy yondashuvni taʼminlashga xizmat qiladi.

Amaldagi qonunchilikda turlicha talqinlarga yoʻl qoʻyib kelgan “ekstremizm” tushunchasining chegaralari aniqlashtirilmoqda. Shu paytgacha umumiy va mavhum iboralar bilan ifodalangan bu tushunchaga endilikda aniq sakkizta xatti-harakat doirasi asosida qatʼiy taʼrif belgilanmoqda. Bu huquqni qoʻllash amaliyotida uni kengaytirilgan holda subyektiv talqin qilishning oldini olishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Yangi qonun bilan mazkur yoʻnalishdagi profilaktika va xavfsizlik mexanizmlari butunlay yangi bosqichga olib chiqish koʻzda tutilgan. Xususan, hujjat doirasida quyidagi muhim yoʻnalishlar huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda:

– Davlat dasturlari va prezident nazorati: ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha maxsus davlat dasturlari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishi belgilanmoqda. Ushbu dastur bevosita Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tasdiqlanishi koʻzda tutilmoqda.

– Elektron reyestrlar: ekstremistik tashkilotlar va materiallarning yagona elektron reyestrini yuritish tartibi joriy etilib, shaffoflik va tezkor nazorat mexanizmlari kuchaytirilmoqda.

– Xabar berganlarni himoya qilish va ragʻbatlantirish: ekstremistik faoliyat yoki tahdidlar haqida oʻz vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan shaxslarning shaxsiy maʼlumotlari sir saqlanishi qatʼiy kafolatlanmoqda. Shuningdek, ularni davlat tomonidan toʻliq himoya qilish (shu jumladan, xavfsizlik choralarini qoʻllash) va moddiy-maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish mexanizmlari belgilanmoqda.

– Ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash: ilgari amalda boʻlmagan tamoyil — ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan bevosita qoʻllab-quvvatlash masalasi qonun darajasida mustahkamlandi.

Muhokamalar yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Как вам этот материал?
Комментарии0
?Комментарии проверяются по правилам
Следующий материалСнимаете квартиру: что должно быть в договореСнимаете квартиру: что должно быть в договоре