25 августа 2026, вторникПрямая лента
OʻZРУ
В фокусе
Центробанк сохранил ставку на уровне 14% · Европа переписала правила для ИИ · Дипфейк: как отличить поддельный голос · Почему летом не хватает электричестваЦентробанк сохранил ставку на уровне 14% · Европа переписала правила для ИИ · Дипфейк: как отличить поддельный голос · Почему летом не хватает электричества
Главная/Общество
Ma’naviyat

Qaynona fenomeni: nega u zulm timsoliga aylangan?

Yaqinda qaynonasining yillar davomida ruhiy va jismoniy bosim oʻtkazib kelishi oqibatida oʻz joniga qasd qilgan 25 yoshli kelin haqidagi voqea ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirdi. Afsuski, bunday voqealar yangilik emas va surunkali tarzda davom etib kelmoqda. Qaynona-kelin mojarosi oilaviy kelishmovchilikdan butun bir jamiyat kelajagiga tahdid solayotgan muammoga aylanib boʻl

28 июля 2026, 17:11 · 8 мин чтения
Поделиться
Qaynona fenomeni: nega u zulm timsoliga aylangan?

Yaqinda qaynonasining yillar davomida ruhiy va jismoniy bosim oʻtkazib kelishi oqibatida oʻz joniga qasd qilgan 25 yoshli kelin haqidagi voqea ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirdi. Afsuski, bunday voqealar yangilik emas va surunkali tarzda davom etib kelmoqda. Qaynona-kelin mojarosi oilaviy kelishmovchilikdan butun bir jamiyat kelajagiga tahdid solayotgan muammoga aylanib boʻldi.

Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, yosh ayollarda suitsidal fikrlarning paydo boʻlishi, eng avvalo, oilada er yoki qaynona tomonidan boʻladigan jismoniy va emotsional zoʻravonlik, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlovning yoʻqligi hamda boshi berk koʻchaga kirib qolish tuygʻusi bilan bevosita bogʻliq. Oʻzbekistondagi ajrimlarning asosiy sabablaridan biri uchinchi shaxslar aralashuvi boʻlib, oilalar koʻp hollarda kelinning kuyov oilasi tomonidan qabul qilinmasligi va siqib chiqarishga boʻlgan urinishlar oqibatida darz ketmoqda.

Muammoning ildizi chuqur, sabablar esa turlicha. Rus adibi Tolstoy aytmoqchi, hamma baxtli oilalar bir-biriga oʻxshaydi, har bir baxtsiz oila esa oʻzicha baxtsiz. Nima sababdan, oʻzbek qaynonasi oila aʼzolari bilan ratsional munosabatga kirisha olmaydigan, nimadir u aytganidek boʻlmasa, yuragini ushlab, oʻzini kasalga soladigan, oʻgʻliga mustaqil qaror huquqini bermaydigan zolim rolini boʻyniga oldi? Axir qachonlardir bu ayol ham bir oilaning kelini boʻlgan, aslini olganda bu dunyoda kelinini qaynonadan koʻra koʻproq tushunadigan, his qiladigan inson boʻlmasligi kerak edi-ku! Psixologlarning aytishicha, masala birgina oilada emas, balki butun bir jamiyatda. Agressiya agressiyani tugʻdiradi. Doimiy bosim va zugʻum ostida boʻlib kelgan ayollar “roʻyobga chiqmagan orzulari”, koʻrgan qiyinchiliklari alamini oilaning eng ojiz aʼzosi – kelinidan olmoqchi boʻladi.

– Oʻzi yaralangan qaynona boshqalarni ham yaralashga harakat qiladi. Odatda shaxsiyatida nevrotik yoki psixopatik buzilishi boʻlgan, yoshligida ruhiy jarohat olgan ayollar kelajakda zolim qaynonaga aylanadi, deydi psixiatr Gavhar Teshaboyeva. – Shuningdek, anʼanaviy oʻzbek oilasida koʻp ayollar uchun farzand asosiy resurslar sarflangan va hayotning katta qismi bagʻishlangan “obyekt” sifatida qaralishi sir emas. Toʻqqiz oy qornida koʻtarib, shuncha yil qiynalib oʻstirgan oʻgʻilginasini “kechagina kelib”, uyda oʻz tartiblarini oʻrnatayotgan qizga berib qoʻygisi kelmaydi. Oʻgʻil oʻz turmush oʻrtogʻi bilan mustaqil hayotda yashay boshlashi qaynona uchun goʻyoki uning keraksiz boʻlib qolishni anglatadi. Yana bir jihati, butun umr oila xizmatini qilib kelgan, haq-huquqi boʻlmagan, uydan ostona xatlab chiqa olmagan qaynona kelinining “yaxshi hayotda” yashashini xohlamaydi. Men koʻrmagan huzurni nega kelinim koʻrishi kerak, deb oʻylaydi va buning orqasidan turli nizolar kelib chiqadi.

Kelinidan nimadir talab qilyaptimi, qaynonaning oʻzi ham shu talabga javob berishi kerak. Dastlab oʻgʻlini aralashtirmasdan, kelinga uy tutumi, oʻzining talab va istaklari haqida bafurja tushuntirishi lozim. Qaynona va kelin oʻrtasidagi munosabat bu turli oilalarda tarbiya topgan turli shaxslar, turli xarakterlar, turli qadriyatlar toʻqnashuvidir. Bu jarayonga ruhan tayyorlanish juda ham muhim.

Qaynonaning zugʻumi – aslida himoya mexanizmi, oiladagi erkaklarning eʼtiborini oʻziga qaratadigan dastak va hokimiyat instrumentidir. Men dugonalarimdan qaynonalarning qiziq va gʻalati odatlari haqida koʻp eshitganman. Ularning orasida oʻgʻil uylantirganiga 10-yildan oshgan boʻlsa ham, keliniga ovqat qildirmaydigan, goʻshtni oʻzi taqsimlab beradigan, oshxonadan chiqqan chiqindilarni “monitoring” qilib, kelining “isrofgarlik darajasini” aniqlaydiganlari bor edi. Bu odatlarning zamirida insonning oʻz qadrini, oilada muhim shaxs ekanini koʻrsatishga boʻlgan urinishi yotibdi. Bordi-yu, kelin oshxonada oʻzi bilgan ovqatni qila boshlasa, hokimiyat yoʻqotiladigandek, goʻyo.

Shu nuqtada beixtiyor “Muhtasham yuz yil” serialidagi haram intrigalarini esladim. Erkaklar rosmanasiga jang qilayotgan bir vaqtda saroydagi ayollar oʻrtasida tinimsiz fitnalar va pinhona urushlar avj oladi. Xoʻsh, real hayotda-chi, qaynona va kelin oʻrtasida kelishmovchilik va sovuq urush yuzaga kelgan bir davrda oila erkaklari qayerda boʻladi?

Psixolog Zohira Bozorovaning aytishicha, qaynona va kelin oʻrtasidagi ziddiyatni “Karpman uchburchagi” modeli asosida izohlash mumkin. Bunda kimdir Taʼqib qiluvchi (Agressor), kimdir Qutqaruvchi, kimdir esa Qurbon rolini oʻynay boshlaydi. Muammoning eng achinarli tomoni — ikki ayol oʻrtasidagi markaziy figura, yaʼni erkak koʻp hollarda vaziyatga yechim topish oʻrniga “oʻzini qutqarishga” tushadi va tashqaridan “najot izlaydi”. Baʼzi erkaklar oʻzini ishga uradi, boshqa birovlari spirtli ichimliklarga beriladi yoki xiyonat koʻchasiga kiradi. Vaholanki, ideal holatda u zimmasidagi masʼuliyatni his qilgan holda, onasi va ayoli oʻrtasida oʻziga xos adolatli “koʻprik” boʻlishi lozim.

Aqalli birorta oʻzbek seriali yoki mashhurroq biror filmini koʻrgan boʻlsangiz, unda, albatta qaynona-kelinning oʻzaro konfliktga kirishgan sahnasi boʻladi. Aksariyat hollarda qaynota betaraf tomoshabin, er esa onasining gapidan chiqmaydigan, tanqidiy fikrlash qobiliyatiga ega boʻlmagan, obyektivlikdan yiroq bir personaj. Qaynona “Voy bu ishyoqmas, dangasa kelinning dastidan dod”, deb baqirgan joyida er xotiniga qarab, “tezda narsalaringni yigʻishtirib, uydan ketaqol, onam sendan rozi boʻlmasa, men ham rozi emasman”, qabilida nimadir deb dagʻdagʻa qiladi. Balki biroz koʻpirtirib yozgandirman, lekin umumiy manzara shunga yaqin. Bu oila qurayotgan erkakning oila masʼuliyatini zimmasiga olishga tayyormasligi, hali ota-onasidan separatsiya boʻlmay turib, oila “boshligʻi” rolini oʻynashga kirishishi bilan bogʻliq.

Bunda ham jamiyatimizda shakllangan urf-odatlar, anʼanalarning hissasi bor: “Oʻgʻilchani uylash kerak”, degan gap kelajakda qanchadan-qancha muammolarning boshlanish sababiga aylanib ulgurdi. Hali mustaqil fikri yoʻq, moliyaviy erkinlikka erishmagan, farzand katta qilish haqida tasavvurga ega boʻlmagan yigit majburan uchrashuvlarga chiqariladi, toʻydan keyin esa romantika roʻzgʻordagi tugamaydigan kamchiliklar va son-sanoqsiz hal qilish kerak boʻlgan masalalar bilan almashadi. Albatta, bunday vaziyatda esankirab qolgan kuyov barcha muammolarga “uyda qoʻqqisdan paydo boʻlib qolgan xotini”ni aybdor hisoblab, undan uzoqlasha boshlaydi yoki konflikt yuzaga kelganda kuch ishlatadi, onasi oldida “dominantligi”ni koʻrsatib qoʻyish uchun unga namoyishkorona mensimay munosabatda boʻladi.

Onaga boʻlgan hurmat xotinni tahqirlashga teng emasligini tushunish vaqti kelmadimi?

— Amaliy tajribam davomida erlarining “onamni rozi qilsanggina, sendan rozi boʻlaman” deya shart qoʻygani yoki “agar onam bilan janjallashishni toʻxtatmasang, boshqa xotinga uylanaman” qabilida poʻpisa qilishi sabab, boshi berk koʻchaga kirib qolgan ayollarni uchrataman. Dinimizda onaning muqaddasligi va uning roziligini olish muhimligi taʼkidlangan, ammo bu qarash baʼzan bir tomonlama talqin qilinadi. Shubhasiz, ona – muqaddas, lekin ayoliga adolatli munosabatda boʻlish, uni asrash ham erning zimmasidagi farzdir. Dono erkak ayoliga “seni emas, onamni tanlayman” yoki “oʻzing yomon boʻlganing uchun onam bilan til topisha olmayapsan”, deb dagʻdagʻa qilish oʻrniga, “Onam qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, uni hurmat qilishingni xohlayman, chunki onamga qilayotgan yomon muomalang meni ranjitadi” deb tushuntirsa, yaxshiroq natija beradi, deydi Z.Bozorova.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan baʼzi videolarni koʻrib, baʼzan yoqa tishlayman. Toʻyi kuni onasining oyogʻi tagiga yiqilib yigʻlayotgan, onasining oyogʻini oʻpayotgan kuyovlar... Oʻzi aslida qiz bola ota uyidan begona uyga ketayotgani uchun, otasining poyiga bosh urib yigʻlar edi. Sabablari tushunarli, butunlay boshqa muhit, begona oila, qiz bolaning shaʼni, qiz oʻstirgan otaning qalbidan kechgan hislar... Ammo oʻgʻilning bunday xatti-harakatidan maʼno nima?

Eng qizigʻi, ommaviy media, ijtimoiy tarmoqlar, film va seriallarda ham qaynonaning arzimagan sabab (masalan, hovlining supurilmagani yoki oʻgʻil tugʻib bermagani) bilan janjal koʻtarib, kelinni uydan haydashi normal holat sifatida koʻrsatiladi. Oʻz videolarida ayollarni surunkali ravishda masxaralab keladigan yana bir taniqli vaynerning goʻyoki “ibratli” videosida homilador ayoli dugonasi bilan telefonda uning onasi haqida gaplashayotganini eshitib, unga darhol uydan ketishni buyuradi. “Sendakalar son mingta, onam esa bitta” qabilidagi gapni aytadi. Bunday qarash, ona roziligi yoʻlida oʻzi qurgan oilani qurbon qilish ham koʻplab ajrimlarga, nikohlar darz ketishiga sabab boʻlayotgandek, nazarimda.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, ajrimlarning katta qismi nikohdan keyingi dastlabki 3-5-yil ichida roʻy beradi. Bu esa yoshlarning oilaviy hayotga yetarli darajada tayyor emasligini, psixologik barqarorlik va masʼuliyat hissining shakllanmaganligini koʻrsatadi. Bizda qizlar xotinlikka, onalikka emas, kelinlikka tayyorlanishi haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Turmushidan ajrashgan bir tanishim aytgandi, menga hojatxona doim toza turishi kerakligini oʻrgatishgan-u, qiyin psixologik vaziyatlarda oʻzimga qanday ruhiy koʻmak berishim mumkinligi haqida aytishmagan. Oʻzi bunday olib qaralsa, qiz turmushga chiqib, eridan koʻra koʻproq qaynonasi bilan munosabatga kirishadi. “Erkak kishi qiz bolani yaxshi-yomonini qagʻdan biladi”, degandek, oʻgʻillarda empatiya, ayoliga kasal paytida gʻamxoʻrlik qilish, konflikt vaziyatlarda hamma tomonni tinglab, keyin xulosa chiqarish kabi elementar koʻnikmalar shakllantirilmagani ham oilaviy nizolarning ajrimgacha borishiga sabab boʻlyapti.

– Qaynonasi tufayli qiyin vaziyatga tushib qolgan yoki ajrashib ketgan ayollar koʻp, deydi psixoterapevt Gavhar Teshaboyeva. – Mana bir holat: er xotinini olib kelib, u qaynonasiga gap qaytarayotgani, janjallashayotganidan shikoyat qildi. Kasal boʻlsa davolansin, aks holda ajrashaman, dedi. Biz suhbat davomida kelinga isterik nevroz tashxisini qoʻydik. Bunda kichik muammoga ham katta reaksiya bilan javob qaytarish, boʻgʻilish, qoʻl-oyoqlar titrashi kabi belgilar kuzatiladi. Ammo kelin bu holatga kecha tushmagan. U yillar davomida surunkali stressni boshidan kechirgan. Aytishicha, qaynonasi hamma ishidan kamchilik topar, kelinidan aslo koʻngli toʻlmas, oʻgʻli uyga kelishi bilan unga shikoyat qilarkan. Ayollarning depressiyaga tushishi juda xavotirli qoʻngʻiroq boʻlib, oʻz joniga qasd qilishda eng asosiy xavf omili hisoblanadi. American Foundation for Suicide Prevention maʼlumotlariga koʻra, oʻz joniga qasd qilgan insonlarning qariyb 60 foizi ogʻir depressiya yoki bipolyar buzilishdan aziyat chekkan.

Klinik depressiyaning uchta asosiy belgisi bor:

- Kayfiyatning ikki haftadan ortiq vaqt davomida tushkun boʻlishi; - Fikrlash va aqliy jarayonlarning sekinlashishi; - Harakatlar va energiyaning keskin sustlashishi.

Agar bu belgilar kuzatilsa, bemorni zudlik bilan psixiatr huzuriga olib borish zarur. Chunki depressiya bu – ruhiy kasallik va uni psixolog emas, faqat tibbiy maʼlumotga ega psixiatr davolaydi.

— Qaynona qaynonalikka, kelin kelinlikka, er esa oila boshligʻi roliga tayyor boʻlgandagina oilada iliq munosabatlar shakllanadi. Beshikdan qabrgacha ilm izla, degan naql bejiz aytilmagan. Hayotimizning har bir davrida bizdan maʼlum bir bilim va koʻnikmalar talab etiladi. Ammo ilmni kimdan olish ham muhim. Zero, ayrim psevdopsixologlar ayollarning egosini kuchaytirib, nafsiga qul qilib qoʻyayotgani va ajrimlarga sabab boʻlayotganiga ham guvoh boʻlyapmiz, deydi Gavhar Teshaboyeva.

Qaynona fenomeni: nega u zulm timsoliga aylangan?
Qaynona fenomeni: nega u zulm timsoliga aylangan?
Qaynona fenomeni: nega u zulm timsoliga aylangan?
Qaynona fenomeni: nega u zulm timsoliga aylangan?
Qaynona fenomeni: nega u zulm timsoliga aylangan?
Qaynona fenomeni: nega u zulm timsoliga aylangan?
Qaynona fenomeni: nega u zulm timsoliga aylangan?
Qaynona fenomeni: nega u zulm timsoliga aylangan?
Qaynona fenomeni: nega u zulm timsoliga aylangan?
Как вам этот материал?
Комментарии0
?Комментарии проверяются по правилам
Следующий материалСнимаете квартиру: что должно быть в договореСнимаете квартиру: что должно быть в договоре