25-avgust 2026, seshanbaJonli lenta
OʻZРУ
Diqqat markazida
Markaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydiMarkaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydi
Bosh sahifa/Jamiyat
Ma’naviyat

Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari

Yarim kechasi xonadonimning torgina yoʻlagidagi chiroqni oʻchirdim. Birdan atrofimni qorongʻilik qopladi. Hech narsa koʻzga koʻrinmaydi, hammayoq zim-ziyo. Shu alfozda bir muddat turib qoldim, ona rahmi zulmatida depsinayotgan homila kabi. Goʻdaklar qorongʻidan keladilar va yer yuziga tushganlaridan soʻnggina nur bilan uchrashadilar deb eshitganman.

17-iyul 2026, 17:43 · 8 daqiqa oʻqish
Ulashish
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari

Yarim kechasi xonadonimning torgina yoʻlagidagi chiroqni oʻchirdim. Birdan atrofimni qorongʻilik qopladi. Hech narsa koʻzga koʻrinmaydi, hammayoq zim-ziyo. Shu alfozda bir muddat turib qoldim, ona rahmi zulmatida depsinayotgan homila kabi. Goʻdaklar qorongʻidan keladilar va yer yuziga tushganlaridan soʻnggina nur bilan uchrashadilar deb eshitganman.

Birozdan soʻng cheksiz zulmatni his qildim va unda nimalarnidir koʻrish mumkinligini ham bildim. Bunday holatda oddiy koʻz bilan koʻrish mumkin boʻlmagan narsalarni koʻrish, aql bilan anglash mumkin boʻlmagan narsalarni anglash hissi uygʻona boshlaydi. Yana fikrlash, qaygʻuni tuyish qanday soz. Allaqaysi zamonda bir donishmand yoshi oʻtib qolganidan keyin ikki koʻzini koʻr qilishlarini soʻragan ekan. Oʻziga nisbatan bunday shafqatsizlik boisi soʻralsa, “Men dunyoni koʻrib boʻldim. Endi koʻzlarim tafakkur qilmoqqa xalal berayotir”, degan ekan.

Zulmatda nurning nechogʻli moʻjiza ekanini ham tushundim. Soʻng... timirskilanib oldinga yurdim. Bor-yoʻgʻi besh-olti metrlik dahliz olis yoʻlday tuyuldi. Uzoqroq tursangiz, zulmat sizni yutayotgani, tomonlar gʻoyib boʻlayotganini his qilasiz... ixtiyoringiz keta boshlaydi... yoʻqlik sari yoʻl olayotganingizni sezasiz... Qorongʻilik odamni yutadi degan gap shundan boʻlsa kerak-da.

Soʻng qoʻlim bilan paypaslab oʻngga burildim. Ikki qadamcha yurdim. Shunda yotoqxona eshigi tirqishidan taralib turgan bir necha tola nurni koʻrdim. Yorugʻlik soviyozgan koʻzlarimni birdan isitdi. Assalom, Nur! Assalom, Hayot!..

Yoshim oltmish uchga boryapti. El orasida paygʻambar yoshi deb azizlanadi umrning bu fasli. Past-balandni, yaxshi-yomonni koʻrib-kechirdim. Balki savobimdan gunohim koʻpdir. Hech maqtanolmayman. Nima boʻlganda ham, keyingi yillarda bir toʻxtamga keldim: agar birov kelib, “Mana senga bir vagon tilla yo falon milliard dollar, buni olasan-u, bizga oltmish uch yil mobaynida orttirgan maʼrifatingni berasan” desa, men rozi boʻlarmidim?! Yoʻq! Xudoga shukrki, jilla taraddudsiz rad etaman. Bundan oʻttiz-qirq yillar avval ikkilanishim mumkin edi, hozir esa qoʻrqmay yoʻq deya olaman. Chunki mayda-chuyda hoy-havaslar, maʼnisiz koʻpchishlar bosqichidan oʻtib boʻldim deb oʻylayman. Odamning boyligi nima ekanini endi yaxshi bilaman. Bu – sipogarchilik vajidan aytilgan pardozi gap emas, kulolning otashdonidagi koʻzaday pishgan bir mardumning yillar davomida kelgan xulosasi.

Keyingi vaqtlarda Mirzo Bedilning bir gapini ham koʻp takrorlayman: “Ey Xudo, shukrki, soch-soqolimni oqartirding. Endi oppoq soqolimni birovlar eshigi oldida supurgi qilmagin”. Shuning uchun mudom Xoliqi Olamga “Koʻnglimni yomon hislardan, fikrimni bad oʻylardan tozalashga yordam ber!” deb iltijo qilaman. Modomiki, supurish kerak boʻlsa, bu ishni avvalo koʻngling va ongingda qilmogʻing darkor.

Yashash joyi deganda, odatda, uy-joy, hovli-bogʻ, tomorqamizni tushunamiz. Holbuki, inson uyidan ham avval oʻz koʻnglida yashaydi. Odamning asosiy uyi – koʻnglidir. Deylik, Amerikaga uchayotgan odam hovlisini koʻtarib ketolmaydi, lekin koʻnglini ehtiyotlabgina samolyotga olib chiqadi.

Agar odamning koʻngli xaroba boʻlsa, fisq-u fujur, hasad, yovuzlik, fasodga toʻla boʻlsa, istiqomat qilayotgan ulkan qasri ham, yashnagan bogʻ-u rogʻlari ham gʻurbatxona yo axlatxonaning ayni oʻzidir! Unda na huzur-halovat bor, na saodat. Aksincha boʻlsa, odam oddiy-odmi uyda, hatto kapada ham baxtli yashashi mumkin. Binobarin, koʻngilni obod qilmay, uyingizni obod qilolmaysiz. Bu tenglamaning yechimini hisobdon hayot allaqachonlar isbotlagan.

Vahki, zamonning zabtida asosiy boshpanamiz – koʻngil uyi qarovsiz qolayotir. Omonat ikkinchi uyimizga esa bor kuchimizni sarflab, ovrupocha taʼmir, zamonaviy jihoz-u hashamatli bezaklar ila muttasil oro beramiz. Afsuski, bu eng maroqli mashgʻulotimizga aylangan. Asosiy uy esa koʻpincha tashlandiq yetimday mungʻayib qolaveradi.

Qabarda-balqar shoiri, oʻzbek xalqining doʻsti Qaysin Quliyev “Til sen uchun ot-sifat, sintaksis, birlik va koʻplik kabi atamalardan iboratdir. Men uchun esa Til bu – hayot. Bizning qarashlarimizdagi farq shunda” deydi tilshunos haqidagi sheʼrida. Shoirning bu malomati mohiyatni anglamay quruq qoidalarga yopishib oladigan zoʻm harfxoʻrlarga atalgan. Oʻylab koʻring, insonga faqat biologik mavjudot sifatida qarasak, uni shu asosda baholasak, bu oliy mavjudotning it yo maymundan farqi qolmaydi-ku. Jon shirin, lekin bu jon ong va tafakkur, ezgu tuygʻular bilan aziz. Yoʻqsa, uning shirinligi tomoqqa bir lahza taʼm berib oʻtadigan shokoladdan avlo boʻlmas edi.

Ezgulik, muhabbat, oqibat, sogʻinch, mehr, aziz xotiralar... Odamga xos bu kechinmalar juda goʻzaldir. Biz esa botinimizdagi ana shunday goʻzallikdan tobora uzoqlashib boramiz, hatto ularni vayron qilib tashlaymiz... Oʻn besh yoshimdagi tuygʻularim haqida oʻylasam, ulkan sogʻinch iztirobini his qilaman, tiynatimdagi koʻp goʻzalliklardan juda yiroqlab ketganimni anglayman. Xullas, asl mohiyat boshqa. Gyote aytganidek, “Nazariya quruqdir, doʻstim, ammo yashnar hayot daraxti!”

Baʼzan oʻylab qolaman: cheksiz koinotda Yer sayyorasining oʻzi bir zarra boʻlsa, unda bu buyuklik qoshida mening xafa yo xursandligimning qanchalik oʻrni, ahamiyati bor? Toʻgʻriligim yo egriligimning-chi? Koinot miqyosida qaralganda, mukammaldan-mukammal mikroskop bilan ham meni koʻrib boʻlmaydi-ku! Lekin shu topda koʻnglimdan yana bir oʻy oʻtadi: men koʻzga koʻrinmas zarra ichidagi eng kichik zarra boʻlsam-da, koʻnglimda Xudo bilan bogʻlangan rishta borki, ayni shu robita hayotimga maʼno baxsh etadi. Bu haqda Tolstoyda ham oʻqigan edim. Demak, gʻamginligim, shodmonligim, ozurda tuygʻularim, ogʻriqli oʻylarim shu rishta sharofati bilan oʻz manzilini topadi. Shivirlab aytayotgan gaplarimni ham kimdir eshitadi, oʻzimdan qizgʻanib oʻylayotgan oʻylarimni ham kimdir oʻqiydi, xatolarimni ipga tizganday yozib boradi. Taraqqiyot tilida aytganda, bu goʻyo yuz minglab kompyuterlarning bosh qurilmaga ulanishiga oʻxshaydi. Bunda markaziy kompyuterdan bitta harf yo chiziqni ham yashirib boʻlmaydi. Alhol, muazzam olamda hech bir inson shunchaki paydo boʻlib, shunchaki yoʻq boʻlib ketmaydi.

Biz nimagadir kerakmizki, Xudoga bogʻlanganmiz. Yoʻqsa, cheksiz zulmatda najotsiz yolgʻizlikka mahkum boʻlib qolaverardik, balki yaratilmasdik ham. Holbuki, bu tor va keng dunyoda faqat xudosizlargina yolgʻizdir.

Qayda boʻlsam ham, hatto kimsasiz dalada yolgʻiz borayotganda ham yonimda koʻzga koʻrinmas allakimlar yurganday tuyuladi. Ular mening harakatlarimni kuzatadilar, yomonlikka yon bersam, darhol ogohlantirish ishorasini beradilar. Zinhor, oʻzini avliyo qilib koʻrsatyaptimi, degan oʻyga bormang. Nechukki, har bir odam tugʻilishi bilan unga farishtalar hamrohlik qiladi. Agar keyin oʻzi ularni haydab solmasa... Afsuski, men ham yonimdagi gʻayb maloikalarini xafa qilib qoʻygan kezlarim koʻp boʻlgan. Hatto ularning mendan arazlab ketib qolganini sezganman, soʻng ularni qaytarishga xoʻb harakat qilganman. Oʻzimni fayzsiz, umidsiz seza boshlaganman.

Balki ular savob-u gunohlarni bitib boruvchi kiroman kotibindir. Balki gunoh daftarim allaqachonlar toʻlib boʻlgandir, lekin savoblarim kundaligiga ham nimalardir yozilganiga umid qilaman.

Meni mudom buyuk bir moʻjiza – inson miyasi hayratga solaveradi. Ayniqsa, undagi milliardlab neyronlarning joylashuvi va harakati galaktikalar xaritasiga juda oʻxshash ekani, tanamizdagi atomlar tuzilishining quyosh tizimi bilan bagʻoyat uygʻunligi... Moddiy tarafdan qaralsa – koʻpi bilan bir nimkosa keladigan atalasimon moy yoki qatiq; maʼnaviy tomondan qaralsa – millionlab galaktikalar sigʻadigan olamlar olami. Nasafiy bobomiz olami kubro (katta olam), olami sugʻro (kichik olam) haqida yozganlarida hali dunyoning koinot haqidagi tasavvuri chala, yorti edi. Inson tanasidagi hujayralar olami, miyasidagi neyronlar dunyosi aql bovar qilmaydigan hodisadir. Lekin shunday moʻjizaning oʻlimga mahkumligi, bor-yoʻgʻi yetmish-sakson yilda tuproqqa koʻmilib, soʻng chirib yoʻq boʻlib ketishi yanada ajablanarli.

Koʻklam mahali yoʻl boʻyida ochilgan bir tup qizgʻaldoqni tomosha qilib uzoq oʻtirdim. Bu rang, bu nafosat, bu goʻzallikdan hayratlanmagan odam haqiqiy koʻrdir. Oʻsha pallada bir savol meni oʻylantirib qoʻydi: tabiat shunday goʻzallikni yaratadi-yu, lekin ikki kunda uni shamolga sovuradi – nega axir? Nega?..

Inson miyasi haqida mushohada yuritganimda, yana bir oʻy keladi: bu ilohiy moʻjizani bilib-bilmay bosh chanogʻida olib yurganlarning aksari ablahliklar, iflosliklar, jinoyatlar sodir etishi, hatto qotillik qilishi yanayam ajablanarli. Buyuk Alisher Navoiyda boʻlgan bir chanoq miya bugun yetti yashar qizaloqni zoʻrlagan irganch pedofilda ham bor. Hayhot! Bunda taqsimot teng. Shunda... modomiki, miya hammaga barobar berilgan ekan, unda kimningdir yaxshi, kimningdir ablah boʻlishi bu sirli olam ichiga qanday kuchlar kirib olishi bilan bogʻliq emasmikan, deb oʻylayman. Yoki miya faoliyati odam tanasiga qanday ruh joylanishi bilan bogʻliqmi? Butun tanani millimetrlarigacha boshqaradigan miyaning oʻzi ruh hukmi ostidami? Kimningdir botinida Rahmon, yana boshqasida shaytonboʻlishi ruh bilan bogʻliqmi? Savollar, soʻroqlar koʻp...

Avval ham bir fiqramda bunday deb yozgan edim: “Sogʻlom inson tanasida 32,7 trillion hujayra boʻlar ekan. Xudo ularni birovga kam, birovga koʻp tortiq qilmagan. Teng taqsim qilgan. Donoga ham, tentakka ham, jinoyatchiga ham, avliyoga ham shu miqdorda bergan. Baʼzi ahmoqlarning xatti-harakatini koʻrib, senga sadqai 32,7 trillion hujayra deb yuborasiz!”

Bugun ilm-u fan milliardlab galaktika mavjudligidan xabar bermoqdaki, bu haybat qoshida Quyosh tizimining oʻzi dengizdagi tomchiga aylanadi-qoladi. Had-hududsiz koinotlar oldida katta sahrodagi qum zarrasiga teng bizning Yerimizda qancha dinlar bor. Endi tasavvur qiling: milliardlab galaktikalar qaʼrida milliardlab Yerimizga oʻxshash sayyoralar boʻlishi mumkin. Miloddan 400 yilcha avval yashab oʻtgan faylasuf Platon “Yerdan boshqa joyda hayot yoʻq deyish – judayam katta maydonga tariq ekib, shuncha tariqdan bir donasigina koʻkarib chiqdi deyish bilan barobar”, deya cheksiz olamlar mohiyatidan bahs etgan. Hadsiz borliqdagi son-sanogʻi yoʻq Yer kabi sayyoralarda qancha dinlar boʻlsa ekan? Bu qudrat, bu haybat qoshida faqat va faqat hayrat tuymoq mumkin. Lekin har qanday vaziyatda ham bir narsa aniq: mening xilvatdagi kichik bir qishlogʻim Boymoqlidan tortib, to milliardlab galaktikalarning oxirigacha – barida ezgulikdan aziz narsa yoʻq. Taʼbir joiz boʻlsa, chekka bir dalada dehqon qilayotgan ish-yumush Somon yoʻli galaktikasi mavjudligining mohiyatiga taʼsir etadi. Agar milliardlab olamlar ezgulikni mezon tutmagan boʻlsa, ulardagi barcha nizom-u muvozanat, qudrat-u mahobat ikki pulga qimmat boʻlib qoladi. Milliardlab galaktikalar mohiyati ezguliksiz bemaʼni va puchdir, ha, puchdir! Muxtasar aytganda, Xudoning oʻzi ezgulikdir.

Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari
Eshqobil Shukurning zamon qarshisidagi o‘ylari
Bu material sizga qanday tuyuldi?
Izohlar0
?Izohlar qoidalarga muvofiq tekshiriladi
Keyingi maqolaKvartira ijaraga olayotganda: shartnomada nima boʻlishi kerakСнимаете квартиру: что должно быть в договоре