25-avgust 2026, seshanbaJonli lenta
OʻZРУ
Diqqat markazida
Markaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydiMarkaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydi
Bosh sahifa/Jamiyat
Ma’naviyat

G‘alvir hovuchga sig‘adimi?

Muvozanat posangisiBir tanishim esini tanigandan buyon soʻzning ortidan chopadi. Oila qurib, farzand orttirishga ham hafsala qilmadi. Yaqinda koʻrishsam, yoshi bir joyga borib, nihoyat bu millat yozganlariga arzish-arzimasligi haqida yozgʻira boshlabdi. “Baribir foydasi yoʻq” degan umidsizlik uni ruhan toliqtirib qoʻygan edi.

3-iyul 2026, 17:06 · 4 daqiqa oʻqish
Ulashish
G‘alvir hovuchga sig‘adimi?

Muvozanat posangisiBir tanishim esini tanigandan buyon soʻzning ortidan chopadi. Oila qurib, farzand orttirishga ham hafsala qilmadi. Yaqinda koʻrishsam, yoshi bir joyga borib, nihoyat bu millat yozganlariga arzish-arzimasligi haqida yozgʻira boshlabdi. “Baribir foydasi yoʻq” degan umidsizlik uni ruhan toliqtirib qoʻygan edi.

Jamoat transportida koʻp kuzataman. Guldek yigit-qizlar oʻtirib oladi: qulogʻida naushnik, koʻzlari telefonda. Tepasida yuz yoshdan oshgan momo yoki bobo tik turib oʻlmaydimi, odamlar tiqilib, yetti qavat boʻlib ketmaydimi – qizigʻi yoʻq. Goʻyo yuragini tambalab olgan – hayvonlardek baxtiyor! Ular oʻzlarini parapsixolog deb ataydigan “mutaxassislar” urfga kiritgan “oʻzini sevish sanʼati”ni puxta oʻzlashtirgan... Bu betamizlik bizda keyingi paytlarda paydo boʻlib qoldi.

Bunday “baxtsiz”lar ham, “baxtiyor”lar ham yurtimizda serob. Birlari umidsizligini ot qilib minib olgan, qayoqqa chopayotganini oʻziyam bilmaydi. Bilgani – u emas, dunyo aybdor. Ikkinchilarining esa oromi buzilmasa, ortiqcha zahmat chekmasa bas! Qolgan dunyoga oʻt ketmaydimi...

Rivoyat qiladilarki, bir podshoh qoʻlidan bir ish kelmaydigan ahmoq oʻgʻlini hech boʻlmasa, biror hunar oʻrgansin deb ustaga shogirdlikka beribdi. Usta bolaga turli bilimlardan, jumladan, ilmi nujumdan ham saboq beribdi, bor kuchi bilan bu ilmning sirlarini oʻrgatibdi. Nihoyat shogirdlik yillari tugabdi. Podshoh imtihon qilish uchun hovuchiga uzugini bekitib, oʻgʻlidan “Bunda nima bor?” deb soʻrabdi. “Qoʻlingizdagi dumaloq, sariq, ichi boʻsh bir narsa” degan javobni eshitgach, hayratga tushgan hukmdor “Alomatlarini toʻgʻri aytding, endi nomini ayt” debdi. Oʻgʻil “Gʻalvir boʻlsa kerak” deb javob beribdi. Podshoh “Meni hayron qoldirib, olgan tahsiling tufayli alomatlarni aniq aytding-u, lekin gʻalvirning hovuchga sigʻmasligiga aqling yetmadimi?!” degan ekan afsuslanib.

Hazrat Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida 770 ta goʻzal va ibratli hikoyat bor. Ular oʻtgan avliyolarning shunchaki tarjimai holi emas. Qisqa matnda mahorat bilan har bir siymoning hayoti, ilmiy-adabiy merosi, jamiyatda tutgan oʻrni, eʼtiqodiga qadar taʼriflab oʻtilgan. Ularning har biridan koʻplab ulgu olish mumkin.

Navoiy, Bobur kabi ulugʻlarimiz haqida toʻlqinlanib gapiramiz. Tilga tushgan ruboiy va gʻazallarini yod aytamiz. Tavallud kunlari haykali poyiga gulchambar qoʻyamiz. Katta sayildek oʻtkazamiz. Talaba va oʻquvchilar sahna koʻrinishlari namoyish qiladi. Shu bilan ajdodlarga munosiblik hissini tuyamiz. Biroq oddiy savollar javobsiz qoladi: ularning orasida ulugʻ allomalarni koʻproq mutolaa qilishga tirishib, nimadir oʻzlashtirib olishga intilayotgani qancha? Ulugʻ ajdodlar qoldirgan adabiy, ilmiy, maʼnaviy meros qalbiga oʻrnashib, yaxshi maʼnoda bezovta qilayaptimi? Agar shunday boʻlsa, nega uning jilvasini jamiyatda sezmaymiz?

Jaloliddin Manguberdining vatanparvarligi, jasorati haqida uning yovga qul boʻlib yashagandan koʻra oʻlimni afzal koʻrgani haqidagi rivoyatdan boshqa yana qanday hikoyatlarni bilamiz? Vatan qahramonini harakatga keltirgan qudrat nima edi? Yuragimizda Manguberdining qalb parchalari saqlanib qolganmi?

Bir umr vatanini qoʻmsab yashagan Boburning muhabbatini, zakosini qaysi mezon bilan oʻlchash mumkin? “Boburnoma” haqida koʻpchilikda umumiy tushuncha bor, holbuki “Xatti Boburiy” kabi asarlarining sirriga insoniyat haligacha yetib kela olgani yoʻq!..

Bir doʻstim farmasevtika institutini tugatgan.

“Ahmad Fargʻoniydan, Qoshgʻariydan nima naf? Hayotda qoʻllash mumkin boʻlgan fanlarni oʻrganish kerak. Umrimda birorta badiiy asar oʻqimaganman”, – deydi u.

Men bilan bir sinfda oʻtirib, bir havodan nafas olgan, ayni muallimlarning sabogʻini tinglagan yigitning xulosasi bu. Moddiy manfaat va qarashlardan sal balandlab fikrlay olmaymizmi!?

Navoiy boboni esladik. Asarlarini qoʻya turaylik, hech boʻlmasa Oybekning “Navoiy”, Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanlarini oʻqib, tabarruk shoirning shaxsiyati, hayoti va faoliyati bilan tanishish ilinjidagi yoshlar qancha deb oʻylaysiz? Nahotki koʻzimizga koʻrinib turgan narsalargagina ishonsak!

Deyl Karnegi kabi psixologlarning koʻrsatmalarini diqqat bilan tinglab, hayotiga tatbiq qiladigan yoshlarning aksariyatini maʼnaviy meros qiziqtirmaydi. Vaholanki, oddiygina maqol yoki gʻazal, ruboiydagi mazmun ularning falon pul toʻlab oʻrganayotgan psixologik bilimlaridan ustun. Hatto birgina satrdagi maʼno ikki olam saodatiga kifoya qilishi mumkin.

Bu yoʻlda barchamiz bir-birimizga yordam berishimiz kerak. Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni” asarida shunday yozadi: “Insonning yuragi uning tanasidan yuz baravar ogʻirroq... Shu darajada ogʻirki, uni bir kishi koʻtara olmaydi... Binobarin, biz, odamlar, toki tirik ekanmiz, bir-birimizga yordam berishimiz, bir-birimizning yuragimizga madad boʻlishga harakat qilishimiz kerak: siz – menga, men – unga, u esa – boshqa birovga, shu tariqa uzluksiz davom etishi lozim... Toki oʻlim hayotda bizni yolgʻizlik balosiga giriftor qilib qoʻymasin...”

Eslab koʻring-a, qaysidir asarni oʻqib, hech oʻzingizni tuzatdingizmi?.. Xotirlay olmasangiz, nega kitoblar dunyoni obod qilmayotganini iddao qilasiz?!

Nolishga koʻnikkan odam umr boʻyi anduh bilan yashaydi. Hatto boʻkkunicha yegan-ichganining hazm boʻlmayotganini ulkan baxtsizlik hisoblaydi. Ammo oʻzini zarracha aybdor his qilmaydi.

Alisher Navoiydek zot bunday kimsalardan zada boʻlib, shunday degan edi:

Xalqdin har yaramas kelsa xush ulkim, Haqgʻa

Desa boʻlmas: mening uchun yana bir xalq yarot.

Navoiy bobo umrini ulugʻ bitiklar yaratishga tikkan. Oʻz davrida ham, oʻtgan asrlar davomida ham, hozir ham ulardan samarali foydalana olmayapmiz. Oladigan nafimiz ham shunga yarasha.

G‘alvir hovuchga sig‘adimi?
G‘alvir hovuchga sig‘adimi?
G‘alvir hovuchga sig‘adimi?
G‘alvir hovuchga sig‘adimi?
G‘alvir hovuchga sig‘adimi?
G‘alvir hovuchga sig‘adimi?
G‘alvir hovuchga sig‘adimi?
G‘alvir hovuchga sig‘adimi?
G‘alvir hovuchga sig‘adimi?
Bu material sizga qanday tuyuldi?
Izohlar0
?Izohlar qoidalarga muvofiq tekshiriladi
Keyingi maqolaKvartira ijaraga olayotganda: shartnomada nima boʻlishi kerakСнимаете квартиру: что должно быть в договоре