25-avgust 2026, seshanbaJonli lenta
OʻZРУ
Diqqat markazida
Markaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydiMarkaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydi
Bosh sahifa/Jamiyat
Bilasizmi?

Ko‘chmanchi xalqlar naqshlaridagi muchal taqvimi nimani anglatadi?

Miloddan avvalgi IV–I mingyilliklarga oid oʻtmishi ulugʻ dala tarixi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan barcha xalqlarning bezaklaridagi muhim motivlardan biri shoxsimon gajaklar bilan oʻralgan pogʻonali romb tasviridir. Ushbu tasvir ko'chmanchi xalqlar naqshlaridagi muchal taqvimini anglatadi.

6-avgust 2026, 11:08 · 2 daqiqa oʻqish
Ulashish

Miloddan avvalgi IV–I mingyilliklarga oid oʻtmishi ulugʻ dala tarixi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan barcha xalqlarning bezaklaridagi muhim motivlardan biri shoxsimon gajaklar bilan oʻralgan pogʻonali romb tasviridir. Ushbu tasvir ko'chmanchi xalqlar naqshlaridagi muchal taqvimini anglatadi.

Bu motiv turkman oʻzbeklari (Nurota viloyati) orasida chodor-muyiz nomi bilan mashhur edi; nomidan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, unda oʻzbeklarning Kaspiyboʻyi turkmanlari, yaʼni Mangʻishloq hududida yashagan turkmanlar – yovmudlar va chovdurlar bilan madaniy aloqalari boʻlganligi aks ettirilgan.

Xuddi shu turunjni Ozarbayjon (Mugʻan, Naxichevan; mugʻan-gel nomi bilan mashhur) va Turkiya gilamlarida ham uchratish mumkin va bu koʻchmanchi xalqlar (oʻgʻuz-saljuqiylar)ning koʻchib yurgan yoʻllaridan dalolat beradi.

Ozarbayjon gilamlari tadqiqotchisi Latif Karimov keksa hunarmandlarning maʼlumotlariga asoslanib, bu naqsh 12 yillik davrga asoslangan qadimiy taqvim tasviri ekanligini taʼkidlab oʻtgan; bunday taqvim qadimgi turklar orasida muchal (mushel) nomi bilan mashhur boʻlgan. 12 yillik yoki Yupiter taqvimi Yupiterning Quyosh atrofida bir marta aylanishining muddati aynan shuncha ekani haqidagi astronomik bilimlarga asoslangan; qadimgi Sharqning koʻplab xalqlari ana shu taqvim asosida yashashgan.

U Oʻrta Osiyoning koʻchmanchi xalqlari madaniyatida juda katta rol oʻynagan, sababi muttasil koʻchib yurish sharoitida osmondagi yulduzlarning xaritasini, shuningdek, sayyoralar, butun koinotning tabiiy va ijtimoiy jarayonlarga taʼsirini bilmasdan turib yashash mumkin emas edi. Oltoy xalqlari orasida bu taqvim mushe, qirgʻizlarda muchel, qozoqlarda mushel, oʻzbeklarda muchal, mujal, uygʻurlarda muchal nomi bilan mashhur boʻlgan.

Muchalning paydo boʻlish davri mil. av. IV–I mingyilliklarga borishi taʼkidlanadi. Yupiterning Quyosh atrofidagi 12 yillik aylanishiga taqlidan oʻtovlarning maydoni ham 12 ta boʻgʻimga boʻlingan, ularning har biri oila aʼzolaridan maʼlum bir kishiga ajratilgan.

Shunday qilib, vazifaviyligiga koʻra uy-roʻzgʻor buyumlari sifatida ishlatiladigan, abadiy va cheksiz harakat gʻoyasini oʻzida mujassamlagan gilamlar va toʻrva xaltalar ustiga tikilgan 12 shoxdan iborat boʻlgan taqvimning tasvirini koinot andozasi, abadiylik, davriylik, vaqtning, barcha hayotiy jarayonlarning takrorlanishi majoziy namunasi, shuningdek, chorvadorlarning tartib-intizomi va hayotiy maromi haqidagi doimiy eslatma sifatida qabul qilish mumkin.

Taqvimdagi 12 yilning har biri maʼlum bir hayvonning, xususan sichqon, sigir (yoki buqa), qoplon (sher, yoʻlbars), quyon, ajdaho (baliq, boʻri), ilon, ot, qoʻy (qoʻchqor), maymun, tovuq (yoki biror yovvoyi qushning urgʻochisi), it, qobon (toʻngʻiz) obrazlari bilan belgilangan.

Bu material sizga qanday tuyuldi?
Izohlar0
?Izohlar qoidalarga muvofiq tekshiriladi
Keyingi maqolaKvartira ijaraga olayotganda: shartnomada nima boʻlishi kerakСнимаете квартиру: что должно быть в договоре