25-avgust 2026, seshanbaJonli lenta
OʻZРУ
Diqqat markazida
Markaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydiMarkaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydi
Bosh sahifa/Jamiyat
Mafkura

Muxolifat qanday shakllanadi?

Siyosiy jarayonlarda muxolifatning ahamiyati juda katta. Shu nuqtayi nazardan bu siyosatshunoslikda chuqur oʻrganilgan masalalardan biri hisoblanadi.

5-may 2026, 18:03 · 3 daqiqa oʻqish
Ulashish
Muxolifat qanday shakllanadi?

Siyosiy jarayonlarda muxolifatning ahamiyati juda katta. Shu nuqtayi nazardan bu siyosatshunoslikda chuqur oʻrganilgan masalalardan biri hisoblanadi.

Siyosiy tizimga munosabatidan kelib chiqib u tizimli va aksiltizimli muxolifatga ajratiladi. Tizimli muxolifat mavjud siyosiy tuzumni agʻdarish emas, rivojlantirishni koʻzlaydi. Shu jihatdan uni konstruktiv muxolifat deb atash mumkin. Aksiltizimli muxolifatning pirovard maqsadi esa mavjud siyosiy tuzumni agʻdarishdan iborat. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun toʻntarish, inqilob, tartibsizliklar, siyosiy yetakchining joniga qasd qilish, axborot xurujlari va boshqa vositalardan foydalaniladi. Aksiltizimli muxolifat barqarorlik va istiqbol uchun xatarlidir.

Mutaraqqiy dunyoda konstruktiv muxolifat davlatning rivojlanishi, siyosiy tizimning takomillashuvida muhim rol oʻynaydi. Shu bois uni parvarishlash davlat siyosati darajasiga olib chiqilgan va huquqiy, siyosiy, tashkiliy asoslari yaratilgan.

Shu oʻrinda bahsli savol yuzaga chiqadi: muxolifat jamiyat ichidan mustaqil tarzda shakllanib chiqishi kerakmi yoki uni hokimiyat parvarishlashi lozimmi? Maʼlumki, muxolifat muayyan siyosiy liderlar tegrasida tashkil topadi. Yetakchining shakllanishi uzoq va davomli jarayon hisoblanadi. Bunda sifatli taʼlim-tarbiya bilan birga, siyosiy maydondagi kurashlarda toblanish ham muhim oʻrin tutadi. Ana shu jarayonda amaldagi hokimiyat boʻlajak liderlarga bagʻrikenglik qilishi lozim.

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Boʻlajak siyosiy lider uchun siyosiy iroda, qatʼiyat va jasorat suv bilan havodek zarur. Zero, hamma ham shirin halovatdan, shaxsiy farovonlikdan voz kechishni xohlayvermaydi. Bunday xususiyatlar tugʻma boʻlib, keyinchalik tarbiyalanadi. Har bir jamiyatda tugʻma qobiliyatga ega boʻlajak siyosiy liderlar koʻplab topiladi. Ayni choqda, ularning shakllanishida jamiyatning ham oʻrni katta: har qanday shaxs ijtimoiy muhitda shakllanadi va ulgʻayadi; mavjud tartibot va qadriyatlar uning rivojlanishida hal qiluvchi oʻrin tutadi. Boʻlajak siyosiy liderlarning qobiliyati, avvalo, jamiyat, yaʼni oila, maktab va mahallada namoyon boʻladi. Bu ijtimoiy institutlarda boʻlajak siyosiy liderning intilishi ragʻbatlantirib borilsa, unda ishonch va intilish kuchayadi. Yaʼni hokimiyatning muxolifatga nisbatan bagʻrikenglik siyosati va jamiyatning siyosiy liderlarni tarbiyalashi oʻzaro uygʻunlashib, chinakam muxolifatning shakllanishiga qulay zamin yaratiladi.

Hukumat siyosatiga muqobil yoʻnalishlarni taklif etish, qatʼiy pozitsiyani shakllantirib, saylovchilari manfaatlarini himoya qilish, parlamentda munozara va eʼtirozlar orqali qarorlar qabul qilish tartibini takomillashtirish, byudjet loyihasini tanqidiy koʻrib chiqish, hukumat faoliyatini kuzatish va nazorat qilish, qonuniylik, javobgarlik va siyosiy jarayonlar shaffofligini taʼminlash muxolifatning muhim vazifalaridir.

Muxolifat odatda siyosiy partiya sifatida shakllanadi. Uning faoliyatini ikki davrga boʻlish mumkin: saylovgacha va saylovdan keyingi davr. Birinchi davrda u hokimiyatni egallashga intiladi. Agar muvaffaqiyatga erisha olmasa, saylovdan keyin hokimiyatni egallagan partiyaga nisbatan muxolifona faoliyat yuritadi.

Muxolifat birinchi navbatda hokimiyatni egallagan hukmron partiya faoliyatini tiyib turish uchun kerak. Haqiqiy muxolifat hokimiyatni qonunni buzmasdan faoliyat yuritishga, qarorlarni yetti oʻlchab qabul qilishga, xalqni aldamaslikka undaydi. Noqulaylik tugʻdirgani, cheksiz erkinligini tushovlagani bois hokimiyat muxolifat bilan kurashib, uni yoʻqotishga, kamida chalajon qilishga intiladi. Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun siyosiy islohotlar orqali muxolifatni kuchaytirish kerak boʻladi.

Masalaning murakkabligi shundaki, bu – oʻz raqibingizning boshini silashdek gap. Shuning uchun ham avtoritar tuzumlarda bunday qadamlar tashlanmaydi. Qayd etganimizdek, muxolifat hokimiyat uchun kurashadi. Iqtidordagi partiya esa qoʻlga kiritgan “shirin”gina kuchni bergisi kelmaydi. Shuning uchun ham jadid bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy “Haq olinur, berilmas” degan.

Xullas, muxolifat oʻziga xos siyosiy fenomen hisoblanadi. U siyosiy jarayonlarning muvozanatini taʼminlab, hokimiyatni tiyib turishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada muxolifat oʻrnini bosadigan boshqa muqobil siyosiy institut mavjud emas.

Bu material sizga qanday tuyuldi?
Izohlar0
?Izohlar qoidalarga muvofiq tekshiriladi
Keyingi maqolaKvartira ijaraga olayotganda: shartnomada nima boʻlishi kerakСнимаете квартиру: что должно быть в договоре