25-avgust 2026, seshanbaJonli lenta
OʻZРУ
Diqqat markazida
Markaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydiMarkaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydi
Bosh sahifa/Jamiyat
Bilasizmi?

“O‘ktam”ning etimologiyasi

Qadimgi turkiy manbalarda oʻktam: “ögdäm”, “ögtäm” shakllarida uchraydi. Qoyaga eski turk yozuvida bitilgan bitiglardan birida “Ögdäm Inal” kishi oti qayd etilgan. Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig”da “ögtäm” shaklida “magʻrur”, “gʻururlangan” maʼnolarida qoʻllagan: “Beduk soʻzladi soʻz bu oʻgtam tiling”, – maʼnosi: “bu magʻrur, maqtanchoq

22-iyul 2026, 14:07 · 2 daqiqa oʻqish
Ulashish

Qadimgi turkiy manbalarda oʻktam: “ögdäm”, “ögtäm” shakllarida uchraydi. Qoyaga eski turk yozuvida bitilgan bitiglardan birida “Ögdäm Inal” kishi oti qayd etilgan. Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig”da “ögtäm” shaklida “magʻrur”, “gʻururlangan” maʼnolarida qoʻllagan: “Beduk soʻzladi soʻz bu oʻgtam tiling”, – maʼnosi: “bu magʻrur, maqtanchoq tiling katta gapirdi”.

Bu soʻz (ism) nafaqat oʻzbek, balki koʻpchilik qardosh turk (va moʻgʻul) tillarida ham boʻlib, “mard”, “magʻrur”, “kuchli”, “jasur”, “bagʻrikeng”, “saxovatli” kabi maʼnolarni bildiradi. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da unga: “Oʻktam – 1. Boshqalarga oʻz taʼsirini, soʻzini oʻtkazadigan, shijoatli, oʻtkir. “Mahallaning oʻktam yigiti”. 2. Himmati ulugʻ, olijanob, saxiy”, deb izoh berilgan.

Ammo uning “mard”, “kuchli”, “saxiy” kabi maʼnolari keyinchalik paydo boʻlgan, kelib chiqishiga koʻra, bu soʻz “aql”, “fikr” maʼnosidagi qadimgi turkiy “ög” oʻzagidan deb qaraladi, “Devonu lugʻotit-turk”da: “ög – aql, ziyraklik”, deb izohlangan (DLT.I.1960.82). Bu oʻzak hozir ham tilimizda faol – “nasihat, yoʻl-yoʻriq” maʼnosidagi “oʻgit” (“ögut” – “ög+ut”) soʻzida oʻzgarishsiz saqlangan, “oʻrganmoq” ham shu oʻzakdan, ammo keyinchalik unda tovush almashinuvi sodir boʻlgan: “öGRät-” – “oʻRGat-”. Umuman, “ög” oʻzagi haqida uzoq toʻxtalish mumkin va keyingi maqolalarda unga yana murojaat qilamiz.

Mazkur oʻzakka aloqador yana “ög-”, “ögmǝk” feʼli ham boʻlib, u “maqtamoq, ulugʻlamoq, alqamoq” maʼnolarini bildirgan. Bu feʼl XIV asrgacha manbalarida koʻp uchraydi, shulardan biri – “Nahj ul-farodis”dan: “Saxiyni yad etib dayim ögǝrlǝr” (“Saxiyni yod etib doim maqtarlar”). Yoki “maqtov”, “madh” kabi maʼnolarda ilgari mazkur oʻzakdan yasalgan “ögdү” soʻzi ishlatilgan: “Rasul alǝyhissǝlámniң tөrt yári ögdүsi” (“Rasul alayhissalomning toʻrt yori madhi”. Qutb. “Xusrav va Shirin”).

Shuningdek, qadimgi turkiyda “qoʻllab-quvvatlamoq, maqtamoq, ulugʻlamoq” kabi maʼnolarga ega – “ögtä-” (“ögdä-”) feʼli ham boʻlgan va “oʻktam” soʻzi mazkur feʼlga “-m” qoʻshimchasini qoʻshib yasalgan (ögdä+m – ögdäm – oʻktam) va bu soʻz dastlab “maqtalgan, ulugʻlangan” kabi maʼnolarni bildirgan.

Bu material sizga qanday tuyuldi?
Izohlar0
?Izohlar qoidalarga muvofiq tekshiriladi
Keyingi maqolaKvartira ijaraga olayotganda: shartnomada nima boʻlishi kerakСнимаете квартиру: что должно быть в договоре