Oliy sud Denovda uyi buzilgan oila haqida munosabat bildirdi
8-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Denovda fuqaroning uyi Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan ogohlantirishsiz buzilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Oliy sud matbuot xizmati holat yuzasidan bayonot berib, sud nega bunday qaror chiqarganini tushuntirdi.
8-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Denovda fuqaroning uyi Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan ogohlantirishsiz buzilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Oliy sud matbuot xizmati holat yuzasidan bayonot berib, sud nega bunday qaror chiqarganini tushuntirdi.
Maʼlumotlarga koʻra, uy-joy Denov tumanlararo fuqarolik ishlari boʻyicha sudining 2025-yil 29-dekabrdagi ijro hujjati asosida buzilgan.
Sud qaroriga koʻra, Denov tumani Gʻalaba massivi Chuqurqishloq mahallasida joylashgan “Rahmon Taraqqiyot Omad Chorvachilik Bogʻdorchilik” korxonasiga tegishli sugʻoriladigan ekin yerining 0,20 gektar qismi oʻzboshimchalik bilan egallangan. Ushbu hududda qurilgan uy-joy va yordamchi binolarni buzish hamda yer maydonini asl holatiga keltirish belgilangan. Yer maydonini Abdusalom Ahmadov va Nasiba Chariyeva oʻzboshimchalik bilan egallab, unda uy-joy va yordamchi binolar qurgan.
Oliy sud bu holatda asosiy masala yerning sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yeri ekanida ekanini taʼkidladi. Qonunchilikka koʻra, sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlari fuqarolarning xususiy mulkiga oʻtkazilishi mumkin emas. 2024-yil 5-avgustdagi oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ularda qurilgan bino-inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qonunda ham bunday yerlar boʻyicha cheklovlar belgilangan.
Oliy sud bayonotida sugʻoriladigan yerlar mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi uchun muhim ekani qayd etildi.
Shuningdek, mazkur yer rasman “Rahmon Taraqqiyot Omad” korxonasiga tegishli boʻlgan. Shu sababli yerni noqonuniy egallash nafaqat davlat manfaatlariga, balki undan qonuniy foydalanish huquqiga ega boʻlgan korxonaning huquqlariga ham daxldor ekani taʼkidlangan.
Oliy sud maʼlumotiga koʻra, javobgarlar yerni egallab, qurilish ishlarini olib borish jarayonida masʼul organlar, kadastr, mahalla va yer tuzish xizmati tomonidan bir necha marta ogohlantirilgan.
Yaʼni, sud qarorida uy-joyni buzish chorasi huquqbuzarlik aniqlangan zahoti qoʻllanmagani qayd etilgan. Avval qonunbuzarlikni boshqa yoʻllar bilan bartaraf etish choralari koʻrilgan.
Sud faqat boshqa choralar natija bermagan, yerning sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yeri ekani va uning toifasini oʻzgartirish mumkin emasligi aniqlangan holatdagina buzish kabi qatʼiy chorani qoʻllagan.
Oliy sud matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, Nasiba Chariyeva sugʻoriladigan yer uchastkasini noqonuniy egallab olgani uchun jinoiy javobgarlikka ham tortilgan.
Sud qarori kuchga kirgan. Biroq 2026-yil 13-mart kuni taftish instansiyasi insonparvarlik nuqtayi nazaridan qaror ijrosini vaqtincha toʻxtatib turgan.
Oliy sud bayonotida qayd etilishicha, arizachiga qonunbuzarlik oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish uchun qariyb ikki yilga yaqin imkoniyat berilgan.
Shundan soʻng sud hujjati ijrosi davom ettirilgan. MIB maʼlumotiga koʻra, 7-avgust kuni noqonuniy qurilmalar buzilib, sud hujjati ijrosi toʻliq taʼminlangan.
Voqeadan soʻng Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov uyi buzilgan er-xotin bilan uchrashgan. Fuqaroning uy-joy masalasi eʼtibordan chetda qolmasligi va manfaatlari taʼminlanishi maqsadida unga yangi turar joy qurib berilishi maʼlum qilingan.
