25-avgust 2026, seshanbaJonli lenta
OʻZРУ
Diqqat markazida
Markaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydiMarkaziy bank stavkani 14 foizda qoldirdi · Yevropa sunʼiy intellekt qoidalarini qayta yozdi · Deepfake: soxta ovozni qanday farqlash mumkin · Yozda elektr nega yetishmaydi
Bosh sahifa/Jamiyat
Mafkura

Qoliplashgan tafakkur – orientalizmni nega o‘rganish kerak? Tahlil

“Sharq, maʼlum maʼnoda, Yevropa tasavvurining mahsuli edi. Asrlar davomida u romantika, sirli xotiralar, ekzotik manzaralar va gʻayrioddiy sarguzashtlar maskani sifatida gavdalantirildi”.

29-iyul 2026, 18:44 · 7 daqiqa oʻqish
Ulashish
Qoliplashgan tafakkur – orientalizmni nega o‘rganish kerak? Tahlil

“Sharq, maʼlum maʼnoda, Yevropa tasavvurining mahsuli edi. Asrlar davomida u romantika, sirli xotiralar, ekzotik manzaralar va gʻayrioddiy sarguzashtlar maskani sifatida gavdalantirildi”.

Biz tez-tez tilga oladigan Sharq va Gʻarb tushunchalari mohiyatan geografiyadagi aniq chegaralardan koʻra koʻproq inson tafakkurida shakllangan madaniy, tarixiy va siyosiy tasavvurlar mahsuli ekanini hech oʻylab koʻrganmisiz? Ongimizdagi Sharq va Gʻarb tushunchalari mazmunida aslida oʻzi nimalar mavjud va ular qachon, qanday shakllangan? Nega bu tushunchalar mazmunida har doim ziddiyatni ifodalaydi? Falastinda tugʻilib, AQShda dunyoga tanilgan olim Edvard Vadi Said hayotini yuqoridagi savollar bilan birga Sharq va Gʻarb haqidagi qarashlar qanday shakllanishi, bu tushunchalarning millionlab insonlarning dunyo haqidagi tasavvurlariga qanday taʼsir koʻrsatishini anglashga, tushuntirishga bagʻishladi.

Edvard Said XX asrning ijtimoiy-siyosiy tafakkuriga kuchli taʼsir koʻrsatgan mutafakkirlaridan biri. U Sharq va Gʻarb haqidagi anʼanaviy tasavvurlarni tanqidiy qayta koʻrib chiqish orqali madaniyatlararo munosabatda inqilobiy yondashuvlarni ilgari surgan. Olim biz yuqorida keltirgan savollarga maʼlum bir maʼnoda 1978-yilda nashr etilgan “Orientalizm” (Sharqshunoslik) asari orqali javob berishga harakat qildi. Asar Sharqning Gʻarb tafakkurida qanday paydo boʻlganligi, qanday qilib talqin qilinishi va tasavvur olamiga koʻchishi haqidagi ilk keng qamrovli fundamental tadqiqot hisoblanadi.

Said “Orientalizm”da Sharq haqida bilimlar aniq ilmiy kuzatuvlar natijasida emas, balki tarixiy, siyosiy va madaniy munosabatlarda vujudga kelgan degan gʻoyani ilgari suradi. Bu jarayonda, Sharqni oʻrganishning ilmiy sohasi boʻlgan orientalizm – sharqshunoslikni muhokamaning markaziy muammosi sifatida belgilaydi.

Said orientalizmning tahlilini, avvalo, uning murakkab va koʻp qatlamli mazmunini izohlashdan boshlaydi. Uning fikricha, orientalizm bir vaqtning oʻzida uch xil maʼnoni anglatadi. Birinchidan, Sharq haqidagi ilmiy tadqiqotlar sohasini bildiradi. Ikkinchidan, Sharq va Gʻarb oʻrtasida tabiiy va oʻzgarmas farqlar mavjud degan qarashga asoslangan tafakkur uslubi hisoblanadi. Bunday tafakkur tarzida Sharq va Gʻarb “biz” va “boshqalar” tamoyilida bir-biriga qarama-qarshi qoʻyilib, ular mutlaqo ikki xil dunyo sifatida tasvirlanadi. Uchinchidan esa, Sharq haqida bilim ishlab chiqarish orqali Gʻarbning Sharq ustidan siyosiy, madaniy va intellektual hukmronligini taʼminlab kelgan tarixiy-madaniy mexanizmni anglatadi [1].

“Orientalizm”dagi gʻoyalarni anglash uchun faqat tarixiy va ijtimoiy-siyosiy omillarni tahlil qilishning oʻzi yetarli emas. Bu qarashlarning shakllanishida Saidning butun umr davom etgan oʻzligini izlash yoʻlidagi ichki kurashi va shaxsiy kechinmalarining ahamiyati hech qachon eʼtibordan chetda qolmasligi kerak.

Darhaqiqat, Edvard Saidning intellektual shaxsiyatini Sharq va Gʻarb – ikki dunyo oʻrtasidagi murakkab tarixiy, madaniy va siyosiy munosabatlar kesishmasida shakllangan noyob intellektual hodisa deyish mumkin. U 1935-yil 1-noyabrda Buyuk Britaniya mandati ostidagi Quddus shahrida falastinlik nasroniy oilasida dunyoga keldi.

Said mashhur avtobiografik asari Out of Place (Vatandan tashqarida)da “Edvard” ismi onasining Uels shahzodasiga boʻlgan havasidan kelib chiqib qoʻyilganini eslaydi. Shu bilan birga, arabcha familiyasi va inglizcha ismi tufayli bolaligidan oʻzini ikki dunyo orasida muallaq qolgan insondek his qilganini yozadi: “Arabcha familiyam va inglizcha ismim sababli taʼlimimning dastlabki yillaridayoq oʻzimni jamoada begona his qilardim” [2, 558].

Saidlar oilasi 1947-yilda Falastin-Isroil urushi sababidan Falastinni tark etishga majbur boʻladi. Ular Misrning eng yirik koʻp madaniyatli markazi Qohirada qoʻnim topadi. Said ingliz mustamlakachilari tashkil etgan Viktoriya kollejida milliy va diniy kelib chiqishi turli xil boʻlgan oʻquvchilar bilan birga taʼlim ola boshlaydi. U xotiralarida kollej hududida inglizchadan boshqa tilda gaplashish qatʼiy taqiqlanganini yozadi.

Said aynan shu muhitda ilk bor Gʻarb tafakkuriga xos boʻlgan “biz” va “boshqalar” qarama-qarshiligini oʻz hayotida his qildi. Aynan shu davrda uning qalbida keyinchalik butun umri davomida tark etmagan tuygʻu – hech qayerga toʻliq tegishli boʻlmaslik hissi ildiz ota boshladi. Bu keyinchalik butun insoniyatni oʻz qarashlarini qayta koʻrishga undagan orientalizm nazariyasining ilk uchqunlari edi. Said kollejdan britaniyalik oʻqituvchisi bilan 1951-yilda sodir boʻlgan ziddiyatdan soʻng chetlatildi. Otasi uni 16 yoshida AQShning Massachusetsdagi qattiq intizomli Mount Hermon puritanizm maktabiga oʻqishga yubordi.

Edvard Said maktabda bilim va iqtidori bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Puritanizm maktabida 160 nafar oʻquvchi orasida eng yuqori natijalarni qayd etgan boʻlsa-da, u baribir “boshqa” boʻlib qolaverdi. Anʼanaga aylangan sinfning ochilish va yopilish marosimlarida eng iqtidorli oʻquvchilarga beriladigan nutq qilish imkoni unga berilmaganini keyinchalik alam bilan xotirlaydi [2, 540].

Said hayotining erta bosqichida Gʻarbni ichidan turib tanqid qila oladigan noyob intellektga aylandi. U turli madaniy tajribalarni bir shaxsiyatda uygʻunlashtira oldi va Sharqni ham, Gʻarbni ham bir xil tanqidiy nigoh bilan tahlil qila oladigan kam sonli mutafakkirlardan biriga aylandi. Akademik muhitda isteʼdodi va ilmiy salohiyati tufayli eʼtirof etilgan boʻlsa-da, milliy va madaniy kelib chiqishi jihatidan doimo kamsitildi. Bu holat unga Gʻarb institutlarida “biz” va “boshqa”lar oʻrtasidagi tafovutlar qanday shakllanishini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.

Said aspirantura yillarida ilmiy shakllandi, Gʻarb adabiyoti, falsafasi va musiqa madaniyatini chuqur oʻrgandi. Ilmiy faoliyatida muhim burilish nuqtasi boʻlgan birinchi yirik ilmiy asari ­­– “Jozef Konrad va avtobiografiyaning badiiy talqini” (Joseph Conrad and the Fiction of Autobiography) – doktorlik dissertatsiyasi asosida yozilib, keyinchalik alohida kitob shaklida nashr etildi [3]. Saidshunos olim Abdurahmon Husaynning taʼkidlashicha, Konradning mashhur “Zulmat yuragi” romanining tanqidiy tahlili Saidning keyinchalik post-kolonial tadqiqotlari uchun nazariy poydevor vazifasini bajardi [4]. Aynan shu tahlillar orqali Said Gʻarbning boshqa xalqlar haqidagi tasvirlari har doim ham xolis kuzatuvlarga asoslanmagani, ular koʻp oʻrinlarda siyosiy manfaat va hukmronlik bilan chambarchas bogʻliq ekanini anglay boshladi. Oradan koʻp oʻtmay bu fikrlar “Orientalizm” asarining markaziy gʻoyasiga aylandi.

U Viktoriya kollejida ilk bor his qilgan “boshqa” boʻlish hissi, AQSH akademik muhitida kuzatgan identiklik muammolari hamda Gʻarb tanqidiy tafakkuridan olgan saboqlarini endi yetuk nigoh va ilmiy tahlil orqali qayta anglay boshladi. Shaxsiy tajribalarini analitik tafakkuri bilan uygʻunlashtirgan Said, post-kolonial tadqiqotlar tarixida yangi bosqichni boshlab bergan mashhur “Orientalizm” asarini yozdi. 1978-yilda nashr etilgan bu asar Gʻarb sharqshunosligi yaratgan Sharq haqidagi tasavvurlarni tubdan qayta koʻrib chiqib, ularning mustamlakachilik va hokimiyat bilan uzviy bogʻliqligini ochib berdi.

Asar uch qismdan tashkil topgan. Unda Gʻarb yaratgan orientalizm fenomenining vujudga kelishidan tortib, uning bugungi holati va Sharqning mavjud tabiatiga koʻrsatgan taʼsiri chuqur falsafiy asosda tadqiq etiladi.

Birinchi bob – “Sharqshunoslik doirasi” (Scope of Orientalism)da orientalizmning strukturaviy tahlili hamda jahon miqyosida geografik “sharqlashtirish” jarayoni qanday tamoyillar asosida kechgani diqqat markaziga olinadi. Gʻarbning orientalistik tafakkur asosida tarixiy taraqqiyotda oʻzini “subyekt” sifatida belgilashi Sharqning esa hech qachon bu maqomga munosib koʻrilmasligi va tarixni doimo Gʻarb yozishini kafolatlaydi. Gʻarb “subyekt” sifatida Sharqni sivilizatsion taraqqiyotga oʻz kuchi bilan erisha olmaydigan “obyekt” tarzida tasvirlaydi. Bu esa, nazariy jihatdan, Sharqni oʻz nomidan soʻzlash huquqidan mahrum etib, Gʻarbga oʻzi istagan “Orient”ni yaratish imkonini beradi. Imperializm va mustamlakachilik bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan orientalizm mafkurasi kolonializmning avj olishi bilan yanada yaqqol namoyon boʻldi.

Said Gʻarb mutafakkirlarining Gʻarbdan turib Sharqni “yaratganini” keskin tanqid qiladi. U, aksincha, Sharqni akademik sharqshunoslik nuqtai nazaridan bevosita kuzatish va amaliy tajribalar asosida tadqiq etish lozimligini taʼkidlaydi. Mazkur tanqid asarning ushbu qismida yetakchi gʻoya sifatida davom etadi.

Said Islom Sharqi toʻgʻrisidagi Gʻarb orientalistik tafakkurining psixologik ildizlarini tahlil qilar ekan, qoʻrquv omiliga alohida urgʻu beradi. Uning fikricha, oʻrta asrlarda islomning Yevropa ostonalarigacha kirib borishi zulmat davrini boshidan kechirayotgan Yevropada qoʻrquvdan boshqa munosabatni shakllantirmagan. Yevropaning islomga nisbatan fobiyaga asoslangan munosabatini cherkov ragʻbatlantirgan. Shunga qaramay, ilk sharqshunoslik maktablari ham aynan cherkov homiyligida shakllangan. Cherkovning sharqshunoslik maktablariga homiylik qilishi ushbu sohaning mafkuraviy yoʻnalishini nazorat qilish imkonini bergan.

Saidning taʼkidlashicha, bu qarash va yondashuvlar sharqshunoslikning akademik darajada taraqqiy etishi hamda iqtisodiy-siyosiy manfaatlarning oʻzgarishi bilan bosqichma-bosqich yangi mazmun kasb eta boshlagan. Shubhasiz, bu tub oʻzgarishlarda Gʻarbning oʻzgarib borgan kolonial iqtisodiy-siyosiy strategik maqsadlari muhim rol oʻynagan. Napoleonning 1798-yilda Misrga amalga oshirgan yurishi bunga yaqqol misol boʻla oladi.

Shu tariqa, orientalizm islom va Sharqqa nisbatan ksenofobik qarashlarga asoslangan bilim sohasi boʻlishdan XVIII–XIX asrlarga kelib imperializmning siyosiy institutiga aylandi. Natijada u imperializmning iqtisodiy-siyosiy maqsadlariga xizmat qiluvchi yevropasentrizm mafkurasining muhim asoslaridan biriga aylandi.

Bu material sizga qanday tuyuldi?
Izohlar0
?Izohlar qoidalarga muvofiq tekshiriladi
Keyingi maqolaKvartira ijaraga olayotganda: shartnomada nima boʻlishi kerakСнимаете квартиру: что должно быть в договоре