Tiflisning qora guli – bir umrlik sadoqat hikoyasi
Gruziyada Nino Chavchavadze ismi deyarli ikki asrdan beri sadoqat ramzi sifatida tilga olinadi va bu goʻzal ism ortida odatda hikoya qilinadiganidan ancha shafqatsizroq tarix yotadi.

Gruziyada Nino Chavchavadze ismi deyarli ikki asrdan beri sadoqat ramzi sifatida tilga olinadi va bu goʻzal ism ortida odatda hikoya qilinadiganidan ancha shafqatsizroq tarix yotadi.
“Aqllilik balosi” (“Gore ot uma”) komediyasi muallifi Aleksandr Griboyedov mashhur diplomat va oʻz davrining eng oqil kishilaridan biri edi. Sharqdagi xizmat, dekabristlar ishi boʻyicha hibsga olinish, xotirasi mayib boʻlgan kaft sifatida qolgan shov-shuvli duel – bularning barchasi uning hayotida oʻttiz besh yoshiga qadar sodir boʻlib boʻlgan edi.
U tiflislik knyaz Aleksandr Chavchavadzening xonadoniga ilgaridan kirib-chiqib yurar, uning katta qizi Ninoni esa unga musiqa va fransuz tilidan saboq bergan vaqtlari – kichik qizaloqligidanoq bilardi. Griboyedov 1828-yilning yozida Kavkazga qaytganida, u yerda ortiq kichik qizcha yoʻq edi – roʻparasida keyinchalik oʻzi Murilyo madonnasiga qiyoslaydigan shahlo koʻzli goʻzal turardi. Shundan keyingi voqealar haqida uning oʻzi doʻsti Bulgaringa yozgan xatida aytib oʻtgan.
Bu voqea 16-iyulda, ularning umumiy tanishi Fedor Axverdovning xonadonida tushlik paytida sodir boʻlgan: “Dasturxon atrofida Nino Chavchavadze roʻparasida oʻtirgandim, tinmay unga qarab, xayolga toldim, yuragim urishi tezlashib ketdi... dasturxon atrofidan turgach, uning qoʻlidan ushlab shunday dedim: ortimdan yuring, sizga bir gap aytishim kerak”. U shu tariqa hech qanday sovchi va vositachilarsiz, toʻgʻridan-toʻgʻri turmush taklifini berib, rozilik oladi. Oʻsha payt u oʻttiz uch yoshda, qiz esa hali oʻn oltiga ham toʻlmagan edi.
Ular 1828-yilning 22-avgustida Tiflisdagi Sion bosh cherkovida nikohlandilar. Oʻsha kuni Griboyedovni bezgak tutgan edi va naql qilishlaricha, marosim paytida u nikoh uzugini qoʻlidan tushirib yuboradi. Buning guvohi boʻlgan va irimlarga ishonadiganlarning yuragi orqaga tortib ketgan. Griboyedovning oʻzi ham bunda yomon ishora koʻrsa-da Ninoga qarab, mamnun jilmayadi.
Turmushning dastlabki haftalari baxtli kechdi. Ilgari mehr-muhabbat koʻrsatishga moyil boʻlmagan bu inson toʻsatdan muhabbatni hayotdagi eng muhim narsa sifatida yoza boshladi. Biroq bu baxt juda oz muddatga berilgan edi. Oldinda Griboyedovni Fors yurti kutardi. U yerda u vakolatli muxtor elchi etib tayinlangan boʻlib, shohdan forslarga ogʻir boʻlgan “Turkmanchoy tinchlik shartnomasi”ning bajarilishini, katta tovon toʻlanishi va asirlarning Rossiyaga qaytarilishini talab qilishi kerak edi. Homilador Ninoni esa notinch Tehronga olib ketishni xohlamay, Tabrizgacha olib borib, oʻsha yerda qoldirdi va yoʻlida yolgʻiz davom etdi. Bu vaqtda ular “ayriliq uzoqqa choʻzilmaydi” deb oʻylashgan edi.
Bu orada Tehrondan Griboyedovning sogʻinchga toʻla xatlari kelib turdi. “Bebaho doʻstim, senga achinaman, sensiz juda maʼyusman. Sevish nima ekanligini endi yaxshi tushunyapman. ... Endi sendan qanchalik uzoq boʻlsam, menga shunchalik ogʻir. Yana ozgina chidaylik, farishtam, va Xudodan shundan keyin bizni boshqa ajratmasligini soʻraymiz”, – deb yozardi u. U shuningdek, oʻymakor ustaga: “Menga tez-tez yozib tur, farishtam Ninobi. Butunlay senikiman” degan yozuvli siyohdon buyurtma qiladi. Atrofda esa shu asnoda ofatli tugun chigallashib borardi.
Shartnomaga koʻra, masihiylar, asosan armanlar Rossiyaga qaytishlari mumkin edi va rus missiyasi ular uchun boshpanaga aylangandi. Uning himoyasiga shoh harami xazinachisi va xizmatchisi, saroyning barcha sirlaridan xabardor arman Mirza-Yoqub, soʻng esa Griboyedovni yomon koʻradigan Olloyorxon haramidagi ikki ayol yashirindi. Shohning qochqinlarni topshirish talabiga Griboyedov qatʼiyatli va yon bermaydigan inson sifatida (forslar shu sababli uni “bagʻritosh” deb atardilar) rad javobini berdi. Ruhoniylar kofirlarni iymonga va haram sharafiga tajovuz qilayotganini eʼlon qildilar va buning oʻzi qatliomga kifoya edi...
1829-yil 30-yanvarda ruhoniylar tomonidan manipulyatsiya qilingan minglab kishilik olomon ruslarga yopirildi, kam sonli soqchilar qochib ketdi. Elchixonadagilar deyarli toʻliq oʻldirilib, ulardan faqat bir kishi omon qoldi. Maʼlumotlarga koʻra, Griboyedov qoʻlida qilich bilan qarshilik koʻrsatgan, ammo kuchlar teng boʻlmagan. Uning jasadini vahshiyona tahqirlaydilar: bir necha kun davomida maydalab tashlangan murdani Tehron koʻchalarida sudradilar, soʻng taqdirdoshlari bilan birga umumiy chuqurga uloqtirdilar.
Buyuk imperiya elchisining shaxsini aniqlash kerak boʻlganida, buni faqat kaftidagi oʻsha eski – bir paytlar dueldan qolgan chandiq izidangina tanib oldilar. U oʻshanda oʻttiz toʻrt yoshda edi.
Homilador Ninodan u va boʻlajak farzandining ahvolidan qoʻrqib, haqiqatni deyarli bir oy yashirishdi. Shunga qaramay Ninoning oʻzi yomon hissiyotni tuyib, Tiflisga olib ketishlarini yalinib soʻraydi. Oʻsha yerda unga Sandro endi yoʻqligini aytishadi. Buni eshitgan Ninoda qattiq qaygʻudan vaqtidan ilgari tugʻruq boshlandi. Griboyedovlarning oʻgʻli bor-yoʻgʻi bir necha soat yashadi. Shu tariqa u oʻn yetti yoshida ham turmush oʻrtogʻidan, ham farzandidan ayriladi.
Elchining qoni uchun Eron juda qimmat badal toʻlaydi. Janjalni bostirish va yangi urushning oldini olish uchun shoh Peterburgga valiahd nabirasini qimmatbaho tortiqlar, jumladan, dunyoning eng mashhur, qimmatbaho toshlaridan biri – “Shoh olmasi”ni yubordi. Uni qabul qilgach, imperator Nikolay Tehron voqeasini abadiy unutishga topshiriq berdi. Shunday qilib, shoirning oʻlimi uchun tovon brilliant va sukut bilan javob berildi.
Griboyedovning jasadi togʻlar osha olib kelinadi. Dovonlardan birida ularga oddiy arava duch keladi. Uni kuzatib borayotgan kishi yoʻlovchining “nima olib ketyapsizlar?” degan savoliga qisqacha: “Griboyedovni”, deb javob beradi. Oʻsha yoʻlovchi Pushkin edi va u bu uchrashuvni keyinchalik “Arzrumga sayohat” asarida tasvirlab berdi.
Marhumning oʻz xohishiga koʻra, u Tiflisda, Mtasminda togʻida dafn etildi. Nino uning qabriga ushbu soʻzlarni oʻydirib yozdirdi:
“Sening zexning va amallaring rus xotirasida abadiydir, ammo nega mening muhabbatim sendan koʻproq yashadi?”.
Shundan keyin Nino uchun yigirma sakkiz yilga choʻzilgan uzoq sadoqat davri boshlandi. Yosh bevaga javob berishga munosib kishilar bor edi: uni sevib qolardilar, sovchi qoʻyardilar. Shoir va general Grigoriy Orbeliani ham deyarli oʻttiz yil davomida unga umidsiz sadoqat bilan bogʻlangan edi. Lekin Nino hammaga rad javobini berdi va umrining yakuniga qadar qora libosini yechmadi, shu sababli uni “Tiflisning qora guli” deb atashdi. U tirik ekan, umrini oʻz Sandrosiga aza tutish bilan oʻtkazdi.
Nino 1857-yilning yozida vabodan vafot etayotgan vaqtida goʻyo yonida Griboyedov turgandek unga “biroz chida, tez orada koʻrishamiz”, degan. Uni ham oʻsha Mtasmindaga – hayotda bor-yoʻgʻi bir necha hafta birga boʻlishga ulgurgan, ammo ayriliqda va sadoqatda deyarli oʻttiz yil “birga boʻlgan” erining yoniga dafn etishdi.
1879-yilda shoir Yakov Polonskiy uning xotirasiga bagʻishlab sheʼr yozdi:









