Vafo va vafot
Qiziq, “vafot” va “vafo” soʻzlari bir oʻzakdan – “bajardi” maʼnosidagi arabcha “vafā” (وَفَى) yoki “vafāʼun” (وَفَاءٌ) feʼlidan yasalgan ekan. Demak, ularning maʼnolarida ham umumiylik bor. Arab tilida boshqa tillardan farqli feʼl boblari degan hodisa bor, deylik, mazkur feʼlning birinchi bobidagi shakli – “vafā” (وَفَى) boʻlib, “1. bajardi; 2. vaʼdasini, ontini bajardi; 3. qar
Qiziq, “vafot” va “vafo” soʻzlari bir oʻzakdan – “bajardi” maʼnosidagi arabcha “vafā” (وَفَى) yoki “vafāʼun” (وَفَاءٌ) feʼlidan yasalgan ekan. Demak, ularning maʼnolarida ham umumiylik bor. Arab tilida boshqa tillardan farqli feʼl boblari degan hodisa bor, deylik, mazkur feʼlning birinchi bobidagi shakli – “vafā” (وَفَى) boʻlib, “1. bajardi; 2. vaʼdasini, ontini bajardi; 3. qarzini toʻladi” kabi maʼnolarni bildirsa, ikkinchi bobda bu feʼl: “vaffā” (وَفَّى) shaklini oladi va “toʻliq toʻlash, toʻliq qoniqtirish” kabi maʼnolarni, yaʼni ish-harakatning uzil-kesil bajarilganligini bildiradi.
“Vafā”ning uchinchi bobdagi shakli lugʻatda: “vāfa” (وَافَى) deb koʻrsatilgan, yaʼni bu bobda feʼlning ikkinchi harfi choʻziqroq talaffuz qilinadi, maʼnosi ham birinchi bobdagi “bajardi”dan ancha farqli, yaʼni “kelish, erishish, yetib kelish” kabi maʼnolarni bildiradi. Feʼlning uchinchi va undan keyingi boblaridagi shakllari: ish-harakatning toʻliq tugallanishi, poyoniga yetishi, shuningdek, umrning ham tugashi kabi maʼnolarga ega ekan. Beshinchi bob shakli esa – “tavaffa” (تَوَفَّى) va maʼnosi: “1. Olish, toʻliq, uzil-kesil olish; 2. oʻlish”. Misol: “tuvuffia ala rahmatullah” (تُوُفِّى الى رحمة الله) – “Allohning rahmatiga qovushdi // Allohning rahmati ila oʻldi”.
Tilimizda shu oʻzakdan yasalgan yana bir soʻz bor – “isteʼfo”, bu “vafā” (وَفَى) feʼlining oʻninchi bobi – “istavfa” (إِسْتَوْفَى) shaklidan yasalgan. “Isteʼfo” soʻzi ham ish-harakatning tugaganligini bildiradi va biz uni asosan ishdan boʻshash yoki boʻshatilish maʼnosida qoʻllaymiz. Xullas, vafo (وَفَاءٌ) – vaʼdaga vafo qilish, toʻliq bajarish, soʻz ustida turish, qasam, ontga amal qilish, qarzni toʻliq toʻlash. Bizda bu soʻz koʻproq sevgi bilan yonma-yon ishlatiladi: sevgiga vafo qilish, vafodor, bevafo.
– Vafot (وَفَاةٌ) – umrning tugashi, oʻlim. Deylik, vafo – kishi irodasi, sayʼ-harakatiga bogʻliq amal boʻlsa, vafot – Allohning irodasi.
– Isteʼfo – “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da: “oʻz mansab yoki xizmatidan oʻz ixtiyori bilan voz kechish, ketish”, deb izohlanibdi.
Soʻzimni biroz shoirona xulosalaydigan boʻlsam, mazkur uchlik ichida eng yoqimlisi va irodamizga bogʻliq boʻlgani – vafo ekan. Vafoda mustahkam boʻlsak, qolgan ikkisi ham shunga monand boʻlar.
